"CAITME 2024": mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarni hamkorlikka chorlamoqda
Xabar qilinganidek, poytaxtimizda “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari – CAITME 2024" 15-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda 22 davlatdan 403 ta kompaniya o‘z mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Muhimi, u yana bir bor mintaqadagi soha mutaxassislari bilan uchrashish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj uskunalarining dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarining so‘nggi yangiliklarini ko‘rish, maslahatlar va texnik ko‘mak olish kabi masalalarda muloqot maydonini yaratib berdi.
“Iteca Exhibition” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyevaning ma’lum qilishicha, unda 87 foiz xorijiy ishtirokchilar qatnashmoqda. Buning boisi to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalarining eng zamonaviylari aynan ular hissasiga to‘g‘ri kelishi bilan bog‘liqdir.
[gallery-19232]
– Ko‘rgazmada Xitoy, Turkiya, Italiya, Germaniya, Hindiston kompaniyalari ko‘pchilikni tashkil etyapti. Masalan, 44 ta Germaniya ishlab chiqaruvchisi o‘zining eng ilg‘or ishlanmalari va innovatsiyalarini havola etmoqda. Italiyaning 48 ta kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan 17 ta yirik tarash, bo‘yash, pardozlash uskunalari, nazorat-o‘lchov asboblari, kesish tizimlari, trikotaj uskunalari uchun aksessuarlar, to‘quv yorliqlari va birkalar ishlab chiqarish uchun uskunalar namoyishi tomoshabinlar diqqat markazida. Turkiyadan 70 dan ortiq ishlab chiqaruvchi esa o‘z mahsulotlari taqdimoti bilan mahalliy ishbilarmonlarni hamkorlikka undamoqda, – dedi N. Hayitboyeva.
Turkiya “TEMSAD” uyushmasi o‘z stendini uchinchi pavilonda jihozlagan. Katta maydonni egallagan uyushma stendida Yaponiya, Italiya kabi to‘qimachilik uskunalarining qay tarzda ishlash jarayonlarini qiziquvchilarga birma-bir ko‘rsatib bermoqda.
Turkiya “TEMSAD” uyushmasi menejeri Narzimboy Normetovning so‘ziga ko‘ra, ushbu uyushma taqdim etgan uskunalardan O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida keng foydalaniladi.
– Uyushma haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, u 1998 yilda turk to‘qimachilik mashinasozligi sektoriga xizmat ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan. To‘qimachilik mashinalari va aksessuarlari sanoatchilar uyushmasi (“TEMSAD”) o‘z faoliyatini boshlagan dastlabki kundan boshlab, mazkur sohaning rivojlanishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Ko‘rgazmaga to‘xtaladigan bo‘lsam, ishtirokchilarga uskunalarimiz manzur bo‘lmoqda. Italiyaning paypoq to‘qish, Yaponiyaning matolarga dastur asosida gul solish uskunalari ularning qiziqishini orttirmoqda. Hatto o‘zimiz ularga qay tarzda matoga gul solishu paypoq to‘qish texnikasini ko‘rsatib beryapmiz, – dedi N.Normetov.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev, O‘zA