O‘zbekiston 13 million AQSH dollariga teng gilam eksport qilgan
Gilamchilik – hayvon juni, o‘simlik va sun’iy toladan turli xildagi gilamlar ishlab chiqaruvchi sanoat tarmog‘i hisoblanadi. Hunarmandlikning bu yo‘nalishi turli davlatlarda o‘ziga xos shaklda rivojlanib kelgan. Sanoat tarmog‘i sifatida esa XX asrda shakllandi, ya’ni ayni davrga kelib gilam to‘qiydigan maxsus artellar paydo bo‘ldi. Bu – gilamni qo‘lda to‘qishdan asta-sekin mashinada to‘qishga o‘tilganini bildiradi.
O‘zbekistonda 1978 yilda Xiva gilam to‘qish kombinati tashkil etilishi bilan gilamchilik mahalliy sanoatning muhim tarmog‘iga aylandi.
O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, xalqaro aloqalarning mustahkamlanib borishi bilan gilamchilik sanoati korxonalariga Angliya, Polsha, Turkiya, Germaniya va boshqa davlatlar yirik firmalarining zamonaviy texnologiyalari va asbob-uskunalari keltirib o‘rnatildi, shuningdek, qo‘shma korxonalar tashkil etildi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bugungi kunda O‘zbekiston qaysi davlatlarga eng ko‘p gilamlar yetkazib bermoqda?
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2024 yilning yanvar-iyul oylarida xorijga qiymati 13 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 4,3 million kvadrat metr gilam eksport qilgan.
Joriy yilning yanvar-iyul oylarida eng ko‘p gilam Ozarbayjonga – 1 226,5 ming kvadratmetr, Qirg‘iz Respublikasiga – 1 108,6 ming kvadratmetr, Afg‘onistonga 807,3 ming kvadratmetr eksport qilgan.
Shuningdek, ro‘yxatda qayd etilishicha, Rossiyaga – 542,5 ming kvadratmetr, Qozog‘istonga – 328,7 ming kvadratmetr hamda Tojikistonga 214,8 ming, Turkmanistonga esa – 38,7 ming kvadratmetr gilam sotgan.
Quvonarlisi, bugun o‘zbek gilamlari AQSHga ham yetib bordi, jumladan, joriy yil 14,5 ming kvadratmetr gilam eksport qilingan va boshqa davlatlarga – 0,8 ming kvadratmetr.
Eslatib o‘tish lozim, Buxoro, Shahrisabz, Urgut, Nurota, Bulung‘ur va boshqa shaharlardagi korxonalarda qo‘lda to‘qilgan gilamlarda mahalliy uslub va badiiy usullar saqlanib qolgan.
O‘zA muxbiri A.RUSTAMOV tayyorladi.