Ko‘hna Xiva “Qovun sayli” festivaliga mezbonlik qiladi
Xorazm qovunchiligini keng targ‘ib qilish orqali mahalliy va xorijiy sayyohlar oqimini oshirish maqsadida joriy yilning 9-11-avgust kunlari Xiva shahri “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida xalqaro “Qovun sayli” festivali o‘tkaziladi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, festival doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi, folklor jamoalari chiqishlari, konsert dasturlari, tasviriy san’at asarlari namoyishi, hunarmadchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, darbozlar o‘yini, xon va ayonlar chiqishi, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, xorazm nonini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari, milliy liboslar ko‘rgazmasi, jonli ijrodagi sahna ko‘rinishlari va boshqa madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, qandolat va asalarichilik, hunarmandchilik, chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA