Xorazmda “Qovun sayli” boshlandi
Sharq gavhari sanalgan qadimiy va hamisha navqiron Xiva shahrida har yili avgust oyida, ayni qovun pishig‘i paytida bo‘lib o‘tadigan an’anaviy xalqaro “Qovun sayli” festivali o‘z faoliyatini boshladi.
Festival doirasida “Ichan qal’a”ning “Polvon” darvozasi oldidagi maydonda joylashgan, bir-biridan chiroyli bezatilgan pavilonlarda mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan poliz ekinlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmalari ham namoyish etilmoqda. Har bir pavilonda o‘ziga xos madaniy dasturlar, teatrlashtirilgan sahnalar, milliy liboslar namoyishi, folklor ansambllari konsertlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari ham tashkil etilgan.
Uch kun davom etadigan mazkur festivalga bir yarim milliondan ortiq mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda.
[gallery-30783]
“Qovun sayli” bu nafaqat shirin qovunlar namoyishi, balki madaniy va gastronomik tomosha hamdir.
Milliy qadriyatlarimiz aks etgan turli ko‘rgazmalar, milliy taomlar taqdimoti, xalq hunarmandchiligi namunalari, teatrlashtirilgan tomoshalar, kuy-qo‘shiqlar va raqslar, ko‘ngilochar dasturlar festival ishtirokchilarini lol qoldirmoqda. Bu yerda mahalliy va xorijiy sayyohlar Xorazmning mashhur va xushbo‘y qovunlarini tatib ko‘rishi ham mumkin.
Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov tadbir ochilishida so‘z olib, aholi dasturxoniga sarxil noz-ne’matlar yetkazib berayotgan dehqonlar mehnatini e’tirof etdi, sayl doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan tanishdi.
Festivalning ochilish marosimida xorijlik va mamlakatimizning eng mashhur san’atkorlari, Xorazm yulduzlari tomonidan tashkil etilgan turli sahna ko‘rinishlari, madaniy chiqishlar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari