Joriy yilda sog‘lomlashtirish maydonchalariga 157 ming 422 nafar o‘quvchi jalb qilingan
Yozgi ta’tilning ham bir oyi o‘tdi. Mutaxassislarning fikricha, yozgi ta’til bolalarga maktab stressidan xalos bo‘lish, yangi tajriba orttirish va zavqlanish imkoniyatini beradi. Qayd etilishicha, hatto yozgi ta’lim ancha samaraliroq ham ekan.
Xo‘sh, tig‘iz kun tartibidan erkin rejimga tushgan o‘quvchilar qanday ishlar bilan band? Ularning dam olish mavsumi qanday kechmoqda? Yozgi ta’til vaqtida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Aminov quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
– Yozgi ta’til – bolalar uchun hayajonli vaqt, – deydi Bahrom Aminov.– Ular qaysi turdagi mashg‘ulotga jalb qilinsa ham, me’yorga amal qilish maqsadga muvofiqdir. Ularni zeriktirib qo‘ymaslik kerak. Aynan yozgi ta’til davomida bolalar boshqa vaqtga qaraganda o‘zlarini ancha erkin his qilishadi.

Bolalarning maroqli dam olishini ta’minlash maqsadida hududlardagi 1 ming 105 ta maktabda 1-7-sinflardagi 174 ming 297 nafar o‘quvchi uchun sog‘lomlashtirish maydonchalari (bepul) tashkil etilgan. Bunda o‘quvchilar uchun sportning voleybol, futbol, basketbol turlari, madaniyat va san’atning “Tasviriy san’at”, “Raqs”, “Qo‘g‘irchoq teatri”, “Karaoke orqali qo‘shiq aytish”, IT yo‘nalishining “Yosh dasturchi”, “Kibersport”, “Kompyuter dizayn va grafikasi” va ingliz tili to‘garaklari, “Yoz-2024” sport musobaqalari, “Ta’til sport bilan tatir” onlayn tanlovi, “Mening yozgi ta’tilim” mavzusida insholar tanlovi tashkil qilinadi hamda bolalarga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi.

Joriy yilda sog‘lomlashtirish maydonchalariga 157 ming 422 nafar o‘quvchi jalb qilingan.
Bundan tashqari tuman va shahar markazlaridagi 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida 5 ta yo‘nalishdagi to‘garaklardan iborat qisqa muddatli “Ijodkorlar oromgohi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda ushbu oromgohlarda 38 ming nafar bola bepul to‘garaklarda tahsil olmoqda. Bolalarga ta’lim berish uchun 11 ming 50 nafar o‘qituvchi va pedagog uchun o‘quv-seminarlari tashkil etilgan. Bunda o‘qituvchilar oromgoh kun tartibini shakllantirish, o‘quvchilar shiorlarini tayyorlash, guruh sardorlarini tanlash, o‘quvchilar bilan aqliy mashqli o‘yinlar tashkil etish, turli tanlov va musobaqalarni o‘tkazish mavzularida o‘qitildi.
Shuni ham aytish kerakki, “Mental kids”, “Ajdodlar merosi”, “Yosh ixtirochi”, “Language learning”, “Yosh chempion” tanlovlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ushbu tadbirlar doirasida 38 ming nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilinishi rejalashtirilgan. Joriy yilning iyul oyidan boshlab umumta’lim maktablarining 7-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Jadidlar izidan” respublika tanlovi tashkil etiladi. Unda 250 ming nafar o‘quvchi jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
O‘quvchilarning maroqli dam olishlarini tashkil etish maqsadida 14 ta Bolalar kutubxonasida “Kitobxonlik festivali”, “Ijodkor bolalar”, “Eng yaxshi kitobxon o‘quvchi” festival-tanlovlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 23 ming nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Yoz davomida o‘quvchilar o‘rtasida turli kitobxonlik tanlovlari ham tashkil etiladi. “Ajdodlar siymosi qalblarda mangu”, “Eng faol kutubxonachi”, “Mutolaa soati”, “Asar qahramonlari bilan bir kun”, “Men sevgan asar”, “Bahru-bayt” kabi davra suhbatlarida 36 ming nafar bola jalb qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA