Bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog‘ochsozlik. Mebel va butlovchi qismlar – MebelExpo Uzbekistan 2024” 20-yubiley xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada 14 mamlakatdan 144 ta kompaniya yog‘ochsozlik va mebel, butlovchi qismlar, mebel kimyosi, furnitura, aksessuarlar, tayyor mebellar kabi mahsulotlarini taqdim etmoqda.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mamlakatimiz aholisining farovon turmushini ta’minlash muhim vazifa sanaladi. Shu sababli, yurtimizda turar-joy majmualari, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari, ofis binolari va biznes markazlari bunyod etilayapti. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari esa yog‘ochsozlik, mebel va butlovchi qismlarga bo‘lgan talabning oshishiga zamin yaratmoqda.
[gallery-17589]
–Quvonarlisi, bugun xalqimiz zamonaviy shart-sharoitda yashashga intilmoqda. Har bir xonadon egasi o‘z uyini mebellar bilan jihozlab, farzandlari uchun qulayliklar yaratyapti. Bu esa aholining sotib olish qobiliyati oshib borayotganidan dalolat beradi. Talab va ehtiyoj mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta imkoniyat hisoblanadi. “MebelExpo Uzbekistan 2024” ko‘rgazmasi esa ana shunday soha vakillariga katta maydon ochib beradi. Ya’ni, ular ko‘rgazma ekspozitsiyasi bilan tanishib, hamkor izlaydi va sohaga doir zamonaviy texnologiyalarning eng ilg‘or namunalari bilan tanishadi. E’tiborlisi, ko‘rgazmada Avstriya, Belarus Respublikasi, Germaniya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston kabi mamlakatlardan korxona va kompaniyalar mahsulotlarini taklif etmoqda. Ayniqsa, Turkiya milliy paviloni, Rossiya Federatsiyasining Yaroslavl oblasti kompaniyalarining jamoaviy stendi namoyishi yanada ishtirokchilarga manzur bo‘ladi, deb o‘ylaymiz, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova.
Yurtimizda yog‘och va yog‘ochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash, mebel sanoatida yog‘och mahsulotlari xomashyosiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, ularni import qilish hajmini kamaytirish hamda mebel va yog‘ochsozlik sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun imtiyozlar yaratilmoqda. Bunday qulayliklar esa shu soha ravnaqida muhim omil bo‘lmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bu borada erishgan yutuqlarini ko‘rgazmada yanada yaqqol namoyon bo‘lganini ko‘rish mumkin.
“MebelExpo Uzbekistan 2024” xalqaro ko‘rgazmasi 30 may kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA