Yoshlar rahbarlar bilan uchrashdi
I.M. Gubkin nomidagi akademik litseyda yoshlar bilan ochiq muloqotni yanada kuchaytirish, ularning tashabbus va takliflarini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganish hamda kelgusidagi intilishlarini rag‘batlantirish maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi.
Bektemir tumani hokimi N. Abduraxmanov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Sh. Sultanova, tuman prokurori J. Nuriddinov, tuman hokimi o‘rinbosarlari L. Boynazarova va N. Shukurov ishtirok etgan muloqotda
Muloqotda yoshlar rahbarlarga turli yo‘nalishlarda blits-savollar bilan murojaat qildilar.

Jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiyalar ajratish va zamonaviy kasblarga o‘qitish masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Shuningdek, rahbarlik mas’uliyati, muvaffaqiyatga erishish yo‘llari, muhim va to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, kasbiy rivojlanish hamda kelajak uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Rahbarlar esa o‘zlarining hayotiy va mehnat faoliyati davomida orttirgan tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga maqsad sari qat’iyat bilan intilish, bilim va ko‘nikmalarni muntazam rivojlantirish hamda tashabbuskor bo‘lish yuzasidan amaliy tavsiya va maslahatlar berdilar.

Tadbirda qayd etilganidek, bu kabi ochiq muloqotlar yoshlarning fikr va takliflarini bevosita rahbarlarga yetkazish, ularni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh avlodning kelajakdagi maqsadlarini aniq belgilashida muhim ahamiyat kasb etadi.
G.Boboyeva,O‘zA