Toshkentga yetib kelgan yo‘lovchilar endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aeroportda avtomashinani ijaraga olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 20 maydan Europcar brendi ostidagi avtomobillarni ijaraga berish kompaniyasi ish boshlagan, deyiladi Uzbekistan Airports ma’lumotida.
Maydoni 8 kvadrat metr bo‘lgan joy «E-auksion.uz» elektron platformasida savdoga qo‘yilgan edi. Xizmat Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalidan chiqishda joylashgan.
Avtomobilni ijaraga olish uchun poytaxt aeroportiga kelgan yo‘lovchi Europcar peshtaxtasiga borib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat va haydovchilik guvohnomasini taqdim etishi kerak. Shundan so‘ng, Europcar.com, Expedia.com, EconomyBookings.com onlayn platformalaridan biri orqali avtomobilni tanlashi, shartnoma tuzishi va depozit yoki ijara haqini to‘liq to‘lashi lozim. Ro‘yxatdan o‘tish tugallangandan so‘ng, yo‘lovchiga avtomobil kaliti beriladi va mashina oldiga kuzatib qo‘yiladi.
Kompaniya parkida yo‘lovchi mahalliy yoki xorijiy ishlab chiqaruvchi avtomobilini, shuningdek, elektromobil yoki benzinda ishlaydigan avtomobilni tanlashi mumkin. Ta’kidlash joizki, ishlab chiqarilgan yili to‘rt yildan, yurgan masofasi 80 ming kilometrdan oshmaydigan avtomobillar ijaraga beriladi. Avtomobil ushbu ko‘rsatkichlardan biriga yetgandan so‘ng, mashina tizimdan chiqariladi.
Europcar – 1949 yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Parijda joylashgan avtomobil ijara kompaniyasi. Fransiyaning Eurazeo investitsion kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning parkida 150 ta mamlakatda 250 mingdan ortiq avtomobil va 3 mingga yaqin ijara punktlari mavjud.
Avvalroq Toshkent aeroporti mahalliy aviaqatnovlar terminalida to‘xtash vaqtidan oshiq turgan haydovchilar jarimaga tortilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. 15 maydan boshlab tizim avtomatik ravishda ishlamoqda.
M.MADAMINOVA,
O‘zA