Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sektorlari uchun kasbiy ta’lim” loyihasi yangi rahbari Viktor Vetsel bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘rtasida oliy va professional ta’limni rivojlantirish jarayonini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi.
Dastlab 2021–2024-yillarga mo‘ljallangan “Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish tarmoqlari uchun professional ta’lim” grant loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi. Loyihaning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda professional ta’lim tizimining salohiyatini mustahkamlash, ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda mintaqadagi iqtisodiy o‘sish tarmoqlari uchun malakali mutaxassis va rahbarlar tayyorlash ekani qayd etildi.
Muloqot jarayonida O‘zbekistonda oliy va professional ta’limni mehnat bozori talablariga yanada moslashtirish va muhim ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan yashil iqtisodiyot yo‘nalishida yangi loyihani ishlab chiqish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, 2025 yil aprel oyida Tojikistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan professional ta’lim yo‘nalishida 3-xalqaro konferensiyada vazirlik vakillarining ishtirok etishi masalasi ham muhokama qilindi.
Yakunda yashil iqtisodiyotga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya, yangi texnologiyalarni joriy etish va bu borada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi mintaqaviy grant loyihasini birgalikda ishlab chiqishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA