Kuni kecha “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbariyati va Turkiyaning “DAIICHI Electronic” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Doruk Kara boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar hamkorlikda yurtimizda avtomobillar uchun magnitofon va boshqa multimedia butlovchi qismlarini ishlab chiqarish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, uchrashuvda yurtimiz elektrotexnika sanoati va “DAIICHI Electronic” kompaniyasi faoliyati haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, bosh ofisi Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “DAIICHI Electronic” kompaniyasi dunyo avtomobilsozlik sanoatiga elektronika tizimlari yetkazib beruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi.
Tadbirda mamlakatimizda rivojlanib borayotgan avtomobilsozlik sanoati uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish istiqbolli loyihalardan biri ekani ta’kidlandi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tomonlar respublikamizda “DAIICHI” brendi ostida avtomobillar uchun audio-radio qurilmalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘rganishlarni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA