Mazkur ezgu tashabbus aholi qalbiga kirib bordi. Bugun mamlakatimizning barcha hududida ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan ko‘p kvartirali uylarning tutash hududlariga boshqaruv tashkilotlari tomonidan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
E’tiborlisi, mazkur jarayonda aholi ham faollik ko‘rsatib, millatimizga xos oqibat, mehnatkashlik va tantilikni namoyon qilmoqda.
Ayniqsa, yosh bolalarning ko‘chat ekish va parvarishlashga bo‘lgan ishtiyoqi barchaning ko‘zini quvnatmoqda.
Poytaxtimizning barcha tumanlarida ana shunday tadbirlar ko‘rarinki ruhda tashkil etildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov hamda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hududlarda bo‘lib, BSKlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Aholi kayfiyatini o‘rganib, ular bilan birgalikda ko‘chat ekishda ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozimki, yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur ishlar aholi kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qilib, ularni birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA