Buxoro viloyatida barcha korxona va tashkilotlar tomonidan o‘z energiyasi iste’molini muqobil elektr energiyalari manbalari hisobidan qoplash borasidagi tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodining o‘ziga xos mo‘jaz quyosh elektr stansiyasi shunday tashabbuslarning amaliy ifodasidir. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda.
Uch gektar maydonni egallagan va 3,5 megavatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan ushbu elektr stansiyasining faoliyati natijasida endilikda respublikamizdagi gigant sanoat korxonasi deyarli to‘liqligicha qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan quvvatlantirilishiga erishiladi. Zavod bino-inshootlarini issiq suv bilan ta’minlash uchun quyosh suv isitgichlari ham o‘rnatilganligi korxonada nafaqat ekologik, balki salmoqli iqtisodiy samara beradigan energiya tejovchi texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligidan dalolat bermoqda.
Zavodning muqobil energiya manbai – quyosh elektr stansiyasi qurilishida pudratchi sifatida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Ogma projects” korxonasi, loyihachi sifatida “ARH Grand projects” xususiy korxonasi jamoalari alohida jonbozlik ko‘rsatishdi.
Yurtimiz sanoatida muhim inshoot bo‘lgan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida quyosh elektr stansiyasini foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri