Vijdon, ma’naviyat xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir
Insonning kindik qoni to‘kilgan tuprog‘i – jonajon Vatani, aziz joni bilan tutash maskanidir. Undan barchamiz bemisl va qudratli kuch olamiz. Shu bois ona va Vatanni bir-biridan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Ma’naviy yetuk inson o‘z yurtini sevadi, uning taraqqiyoti uchun mehnat qiladi. Oldiga ezgu maqsadlar qo‘yib, yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan olg‘a intiladi. Bu intilish zamirida vatanparvarlik, yurtga sadoqat, xalq koriga kamarbastalik mujassam bo‘lsa, nur ustiga a’lo nurdir. Aslida, jamiyat rivoji, umumbashariy ezgu g‘oyalar uchun sa’y-harakat shaxs ma’naviy kamolotidan darak beradi.
Shu ma’noda o‘tgan yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Aytish mumkinki, Yangi O‘zbekistonda ma’naviyat, ma’rifat sohasida yangi bosqichga, yangi davrga qadam qo‘yildi. Bu Kengash yig‘ilishining tarixiy ahamiyati ham shundaki, unda mamlakatimiz ma’naviy hayoti uchun kechiktirib bo‘lmas muhim vazifalar belgilab berildi.
Avvalo, ta’kidlash kerakki, davlat rahbarining “Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, degan so‘zlari o‘zini shu yurtning farzandi, deb bilgan har bir ziyolining shiori, faoliyat dasturiga aylanmog‘i kerak. Buni bugungi murakkab davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Zero, ma’naviyat, milliy an’ana va qadriyatlarsiz, ma’naviy-milliy ruhsiz hech bir mamlakat o‘zi ko‘zlagan natijaga erisha olmaydi.
Rostini aytish kerak, ba’zida “ma’naviyat o‘zi kerakmi yo yo‘qmi” degan savollar ham eshitilib qoladi. Prezidentimiz yig‘ilishda ta’kidlaganidek, o‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Yosh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob berayaptimi?
Mana, bugun ma’naviy-ma’rifiy sohada masala qanday o‘tkir va ko‘ndalang bo‘lib turibdi. Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy o‘ylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorug‘ dunyoda “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo‘lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish bo‘yicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo‘ladi.
Binobarin, inson agar Vatanini sevsa, uning vijdoni uyg‘oqdir. Yoxud vijdonli, ma’naviy dunyosi yuksak kishigina Vatanning neligini his qiladi, ona yurtini butun borlig‘i bilan seva oladi. sevganda ham, bor bo‘yicha, aytish joiz bo‘lsa, kamchiligi-yu yutug‘i, muammosi-yu afzalliklari bilan birga sevadi, jonini fido qilishga rozi bo‘ladi. Zero, Hazrat Navoiy bejiz “bulbulga tikondek oshyon bo‘lmas”ligini uqtirmagan. Vatan ishqi, yurtparvarlik chegara, sifat tanlamasligini e’tirof etgan Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov aytganidek, “faqat boyliklari uchun sevgan farzand kechirilmas”.
Atoqli yozuvchi Tohir Malik fikricha, “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘ormaklari darkordir... Vatan bog‘ini yurak qoni ila sug‘ormaklik majoziy ma’noda aytilgan. O‘zini Vatan farzandi deb hisoblovchi odam butun tanu joni bilan bu bog‘ni yashnatish uchun xizmat qilishi kerak”.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda dunyoda yuz berayotgan ommaviy madaniyat, ekstremizm, mafkuraviy xurujlar, globallashuv jarayonlari davrida ma’naviyat sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda ma’naviyat va ma’rifat masalasiga davlat siyosati darajasida jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etmoqda. Inchunin, ma’naviyat, ma’naviy yetuklik zamirida vatanparvarlik yotadi, jamiyatning ma’naviy saviyasini yuksaltirishdan ko‘zlangan maqsad-muddao ham fuqarolar ongu shuurida yurtparvarlik, xalqparvarlik hissini takomiliga yetkazishdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz ma’naviyat va ma’rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma’naviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi ko‘radi. Vijdon, ma’naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir”. Yurtimizning har bir qarichi jonimiz bilan tutash, barchamiz uchun aziz va muqaddasdir. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsadlarimizdan hech qachon chekinmaymiz! Bunda bizga ma’naviyat eng qudratli kuch bo‘la oladi. Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA muxbiri