So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz poydevori bo‘lmish kichik biznes, oilaviy va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, ushbu kategoriyadagi tashkilotlarga bir qator imtiyozlar, soliq preferensiyalari va yengilliklar berilmoqda.
Shu maqsadlarda joriy yilning 14 sentyabr kuni ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi.
Mazkur dastur doirasida kichik biznes vakillari moliyaviy va tadbirkorlik savodxonligiga o‘qitilib ularga bir qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralari beriladi. Jumladan:
– 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar;
– 150 million so‘mgacha garov talabi 50%ga pasaytirilgan kreditlar;
– 18 foiz stavkada 7 yilgacha (aylanma mablag‘ uchun 3 yilgacha) muddatga 1,5 mlrd so‘mgacha kredit va lizing;
– qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalar 7 yilgacha muddatli to‘lov asosida qarz berish;
– kichik biznes markazlariga 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan loyihalarga bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari, yer maydonlari va asbob-uskunalar bilan 20 foizgacha ulushdor bo‘lib kirish huquqi berildi;
– innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 mlrd so‘mgacha grant ajratish.
O‘zA