Ayollar jurnalistikasi yanada faollashadi
Milliy jurnalistikamizda xotin-qizlarning munosib hissalari bor. Jamiyatda kechayotgan islohotlarni faol yoritish, mavjud muammo va kamchiliklar haqida bong urish, teran tahliliy materiallar tayyorlashda ayol ijodkorlar ham samarali mehnat qilib kelmoqda.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi qoshidagi “Jurnalist ayollar kengashi”ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda zamonaviy media makonida ayollarning o‘rni, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi faoliyatida ayollarning ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbatida bugungi kun jurnalist ayollarining ijtimoiy va kasbiy qiyofasini shakllantirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Muloqotda O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasining raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov Uyushmaning joriy faoliyati, rejalari va ayollarga mo‘ljallangan loyihalari haqida axborot berdi.
Tadbir qizg‘in muhokamalar ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar jurnalist ayollar uchun ijodiy tanlovlarni joriy etish, jumladan, “Atirgul” tanlovini qayta tashkil etish, jurnalistlar mediasavodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalarga xotin-qizlarni faol jalb etish, tahririyatlarda "Mahorat maktablari"ni yo‘lga qo‘yish takliflarini bildirdi.
Muloqot yakunida “Jurnalist ayollar kengashi” tadbirlarini har oyda o‘tkazib borish, ularda ayollar jurnalistikasini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishib olindi.
N.Usmonova, O‘zA