Qish fasli qor bilan go‘zal. Ayniqsa tog‘larda. Anomal sovuq bo‘lishiga qaramay, tabiat atalmish buyuk rassom chizgan san’at asarlarini izlash maqsadida hududlar bo‘ylab ektremal sayohatlarimizni davom ettiramiz.
Bu galgi manzilimiz Suvtushar sharsharasi bo‘ldi. Manzilga otlanar ekanmiz qor qoplab qolgan tog‘ yo‘llarida harakatlanish xavfliligini aytishdi. Ammo qiziqishimish ustun kelib yo‘lda davom etdik. Avvaliga Shahrisabz tumanining Ommog‘on qishlog‘i markazigacha hududdagi o‘rmon xo‘jaligining “Niva” mashinasida u yog‘iga Suvtushar qishlog‘iga qadar UAZ mashinasida harakatlandik. Tog‘ning unqur-chunqir yo‘llari quruqchilik paytlarida-da xavfli qishning ayni chillasidaku aytmasa ham bo‘ladi. Lekin UAZ haydovchisi anchagina mahoratli ekan. Qor bosgan yo‘llar tog‘ bag‘ridan davom etadi. Bir tomon baland tog‘lar bo‘lsa, ikkinchi tomon chuqur jarlik. Mashaqqatlar evaziga bo‘lsada Suvtushar qishlog‘igacha yetib bordik. Sharsharagacha esa hali olis. Mashina imkoni yetgan joygacha bordi. Bu yog‘iga Hisor qo‘riqxonasi nazoratchilari yurib ochgan yolg‘izoyoq yo‘ldan piyoda davom etdik. Nihoyat sharshara yaqinlarigacha yetib bordik.
O‘ziga xos tabiatli Hisor davlat qo‘riqxonasining bir qismi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumaniga qarashli Suvtushar qishlog‘iga chegaradosh. Ushbu qishloqning yuqori qismida Suvtushar sharsharasi joylashgan. Sharshara hududga o‘zgacha husn bag‘ishlagan. Qo‘riqxona hududidan boshlanadigan va oqib o‘tadigan soylar, irmoqlar, daryolar o‘zining suv o‘zanida turli shakl va ko‘rinishdagi sharsharalar hosil qiladi. Ulardan eng yirigi Suvtushar sharsharasidir. Ushbu sharshara ko‘riqxonaning Miraki bo‘limi Suvtushar soyining boshlanish kismida, dengiz sathidan 2 ming 100 metr balandlikda joylashgan. Sharsharaning balandligi 84 metr bo‘lib, katta qoyatoshlar va archazorlar orasida joylashganligi bilan tabiat shaydolarini o‘ziga maftun etadi.
Ushbu sharshara Hisor tog‘ tizmasining 4 ming metr balandlikdagi Osmontalash qorli qoyalaridan paydo bo‘lgan suvlar hisobiga hosil bo‘ladi. O‘ziga xos ajib bir kuyni chalib, sohibjamolning uzun yoyilgan kokillarini eslatuvchi suvning shiddatli oqimi ushbu sharshara suvini ko‘pirtirib, oppoq holatga olib keladi. Shuning uchun mahalliy aholi orasida gohida uni Suttushar sharsharasi ham, deb atashadi.
[gallery-10310]
Ayni kunlardagi anomal sovuq havo oqimi Suvtushar sharsharasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. 84 metrlik sharshara bor bo‘yiga muzlagan. Bahor va yoz faslida mahobat bilan mavjlanib oqib turgan sharshara qanday go‘zallik aks ettirgan bo‘lsa, muzlaganda ham shu qadar mahobatli va go‘zal.
Ochig‘i tog‘ning sovuq havosidan biroz cho‘chigan edik, ammo manzilda bo‘lganimizda buning aksini ko‘rdik. Yo‘l yurarkanmiz, hatto biroz terga ham tushdik va nihoyat uzoq mashaqqatlardan so‘ng sharshara ham ko‘rindi. Yuz marta eshitgandan bir marta ko‘rgan afzal. Chindan sharshara oldidagi manzarani so‘z bilan ta’riflash qiyin. Mahalladagi hokim yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, sharshara yaqin yillar davomida bu qadar muzlamagan ekan.
– Sharshara hududning eng go‘zal ajoyibotlaridan, – Suvtushar mahallasidagi hokim yordamchisi Uyg‘un Hasanov. – Uni tomosha qilish uchun ko‘plab mehmonlar tashrif buyuradi. Tuman va viloyat hokimi tashabbusi bilan ushbu hududni turistik zonaga aylantirish bo‘yicha katta loihalar qilingan va endilikda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Hamma fasllarda ham sharshara atrofi xushmanzara. Ochig‘i oxirgi yillarda biror marta sharshara bu qadar qalin muzlamagan. Lekin u muzlaganda ham ajoyib.
Sharshara usti to‘liq muzlab bo‘lgan. Yuqoridan tushgan suv muz ostidan oqmoqda. Sharshara ustidagi ulkan muzlik guyo qanot yozgan burgut kabi jilg‘alarini qo‘riqlayotgandek taassurot qoldiradi.
Xulosa o‘rnida qahraton qishning izg‘irinlari vujudni titratsada, viqorlari tog‘lar bag‘ridan otilib chiqqan, muzlagan Suvtushar sharsharasi kabi ajoyibotlar kishiga takrorlanmas, ekstremal zavq beradi. Albatta yo‘lingiz tushganda Suvtushar sharsharasini birrovga bo‘lsada tomosha qiling va biz tuygan zavqni siz ham his eting.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA