"Uzbek school"da o‘zbekcha o‘rganamiz (+video)
Bugungi kunda xorijlik fuqarolar, diplomatlar va til o‘rganuvchilar uchun o‘zbek tilini tizimli o‘rgatish hamda o‘zbek madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish ta’lim muassasalarining eng asosiy vazifalaridan biriga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Qaysi oliy dargohni olmaylik, xorijlik talabalarni uchratamiz, ta’lim muassasalarida xorijlik talabalarning ta’lim olishlari uchun alohida shart-sharoitlar yaratish bilan bir qatorda, ularga tizimli davlat tilini ham o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xorijlik fuqarolar uchun faoliyat yuritayotgan Uzbek school ham aynan xorijlik fuqarolar, diplomatlar va til o‘rganuvchilar uchun o‘zbek tilini tizimli o‘rgatish hamda o‘zbek madaniyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishni maqsad qilgan.
Lavhamiz davomida ushbu maktabda xorijlik tinglovchilarning o‘zbek tilini o‘zlashtirish darajasini turli o‘yin va musobaqalar orqali ko‘rsatib berishayotganiga guvoh bo‘ldik.
Ta’kidlanishicha, maktab ochilganidan bugungi kunga qadar, universitet qoshida faoliyat yuritayotgan xorijliklarga o‘zbek tilini o‘rgatish kurslarida 2000 dan ortiq chet el fuqarolari, jumladan, Koreya, Xitoy, AQSH, Braziliya, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlar fuqarolari o‘zbek tilini muvaffaqiyatli o‘rganishgan.
Shuningdek, ushbu maktab yurtimizda yashayotgan turli millat vakillari va chet elliklar uchun maxsus darslik, lug‘at va qo‘llanmalar, video va audiomateriallar hajmini oshirish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirishni maqsad qilib olganliklari alohida ta’kidlandi.
M.Turdaliyeva, N.Abduvoitov,
S.Obidjonov. O‘zA