Namanganda hunarmandchilik keng rivojlanmoqda
bugungi kunda Namangan viloyatida 7 mingdan ortiq usta-hunarmandlar bor. Ular kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, naqsh o‘ymakorligi, kulolchilik, pichoqchilik, do‘ppichilik kabi 34 ta yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. Albatta, bu jarayonlarda "Ustoz-shogird" an’analari ham e’tiborga olingan. Hozirda 17 mingdan ortiq yoshlar, xotin-qizlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat sirlarini o‘rganmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi "Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori mazkur yo‘nalishda o‘ziga xos imkoniyat eshiklarini ochdi. Xususan, ijtimoiy sug‘urta badali bir yilda bir bor eng kam ish haqini bir barobari, ya’ni 270 ming so‘m to‘lanadigan bo‘ldi. Shuningdek, faoliyat yuritish joyidan qat’iy nazar kommunal infratuzilma xizmatlari haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshirish belgilandi. Bu kabi imtiyozlarni ko‘plab keltirish mumkin.
Ahamiyatlisi namanganlik hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar Latviya, Litva, Belgiya, Gruziya, Qozog‘iston va Rossiya kabi 10 ga yaqin davlatlarga eksport qilinmoqda.
[gallery-5403]
2020 yilda bu ko‘rsatkich 16 ming 444 AQSH dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 74 ming 349 AQSH dollariga yetdi, - deydi «Hunarmand» uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Valiyev.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA