Zulfiya Zokirovaning hayot yoʻli, oilasi va avlodlari haqida kitob yoziladi
Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, bugun Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov boshchiligidagi viloyat sektor rahbarlari Zangiota tumani Xonobod qishlogʻi “Qushbegi” mahallasida, Zulfiya aya Zokirova yashagan xonadonda boʻldi.
Zulfiya ayaning moʻjazgina hovlisida mehmonlarni uning evarasi Farhod Muhammadjonov kutib oldi.
Xabaringiz bor, kuni kecha Prezidentimiz tomonidan ushbu oila vakillari alohida eʼtirof etildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “Gʻalaba bogʻi”da Zulfiya Zokirova timsolida oʻzbek onalarining sabr-bardoshi, matonati mujassam boʻlgan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi oʻrnatildi.
“Oʻzbekkino“ Milliy agentligi buyurtmasiga koʻra “Ezgu film“ kinostudiyasi tomonidan “Ilhaq” badiiy filmi tasvirga olindi. Filmning televideniye orqali namoyishi xalqimizga manzur boʻldi. Odamlar kecha va bugun bu buyuk jasorat, oʻzbek onasining bardoshi, irodasi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tinmay dil soʻzlarini toʻlqinlanib aytishmoqda.
Zulfiya aya xonadonida uning avlodlari bilan oʻtgan suhbatda mana shular haqida soʻz bordi. Viloyat hokimi Prezident tashabbusi bilan tasvirga olingan “Ilhaq” badiiy filmini katta hayajon, qiziqish bilan tomosha qilganini, Zulfiya ona timsolida urush davrida yashagan minglab onalarning achchiq qismati taʼsirli, zoʻr badiiy mahorat bilan tasvirlanganini eʼtirof etdi.
- Yuragi toʻla dogʻu hasratlar bilan yashab, shunda ham oʻz irodasini yoʻqotmay, mehnat qilib, farzandlaridan yodgor nabiralari tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan onaizor haqli ravishda matonat timsoli, buyuk jasorat sohibasi, - dedi Rustam Xolmatov.
Viloyat hokimi mahalla va jamoatchilik taklifidan kelib chiqib, Zulfiya Zokirova yashagan mazkur koʻcha uning nomi bilan qayta nomlanishini bildirdi.
Shuningdek, bu xonadonga buyuk jasorat va matonat sohibasi yashagan muhitni oʻz koʻzi bilan koʻrmoqchi boʻlgan mehmonlar tashrifi uchun uy asl holatda saqlanishi, kelgusida uni uy-muzeyga aylantirish yuzasidan birlamchi ishlarni amalga oshirishga koʻrsatma berildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi buyurtmasi bilan Zulfiya Zokirovaning hayot yoʻli, oilasi, avlodlari haqida kitob nashrga tayyorlanadi.