Ziyolilar bilan uchrashuv
Samarqand shahar hokimligi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida ziyolilar bilan uchrashuv tashkil qildi.
Yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar faollari ishtirok etgan tadbirda Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov so‘zga chiqib, ijodkorlarni kasb bayrami bilan tabrikladi hamda shaharda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo totuvlik, oilalarni mustahkamlash va yoshlar ta’lim-tarbiyasi masalalarida ziyolilarning roli kattaligini e’tirof etdi. Shu bilan birga ayni paytda shaharda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston xalq shoirasi Xosiyat Bobomurodova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev va boshqalar yurtimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish borasidagi ishlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Ijodkorlar bu yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xalqimiz bosib o‘tgan yo‘l, o‘tgan davrda erishilgan natijalar haqida ko‘proq yozish, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari olib borish zarurligini ta’kidladi.

Tadbirda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan sohaning bir guruh fidoyi xodimlari shahar hokimligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri