Ziyoli inson milliy yuksalişning haqiqiy tayançi bölişi lozim
Dunyo miqyosida hayot şiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda davlatning haqiqiy qudrati faqat yer osti boyliklari yoki iqtisodiy raqamlar bilan emas, balki odamlarning fikrlaş tarzi, dunyoqaraşi, maʼnaviyati va yangilik yaratiş qobiliyati bilan ölçanmoqda.
Taʼkidlaş joizki, bugun ziyolilar jamiyatning eng ilğor böğini sifatida böy körsatmoqda, yetakçilik va taşabbuskorligi bilan mavqeini yanada mustahkamlamoqda. Şu örinda biz özi kimni ziyoli deb ataymiz va ularning jamiyatdagi asl vazifasi nimadan iborat, degan tabiiy savol har qaçongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamiyatda aqliy mehnatga ehtiyoj ortişi bilan odamlarga ilm örgatuvçi muallimlar, şifokorlar, yozuvçi va sanʼatkorlardan iborat ziyolilar qatlami şakllangan. Biroq, bugungi kunga kelib, şunçaki oliy maʼlumotli böliş, köp kitob öqiş, ilmiy unvon yoki yuqori lavozimni egallaşning özigina kişining haqiqiy ziyoli bölişi uçun yetarli emas.
Ziyoli inson jamiyat hayotida faol va idrokli kuç bölişi, unda mustaqil fikr, el-yurt oldidagi masʼuliyat, xolislik va tanqidiy qaraş ustuvor turişi zarur. Demak, çinakam ziyolilik faqat bilim töplaş emas, balki turli xurofotlardan va oçközlik, şafqatsizlik kabi illatlardan pok bölib, bor bilimini odamlar hayotini yaxşilaşga safarbar etişdir. Şundagina maʼrifat egasi millat vijdoni, maʼnaviyat tayançiga aylanadi.

Sunʼiy intellekt va texnologiyalar şiddat bilan rivojlanayotgan, tinimsiz axborot oqimi esa çuqur bilimni yuzaki fikrlar bilan almaştirib qöyayotgan bir paytda ziyolilar zimmasiga yangi, yanada muhim masʼuliyat yuklanmoqda. Bunday şaroitda ular milliy anʼanalar va zamonaviylik, ilm-fan va xalq ehtiyojlari örtasida mustahkam köprik bölişi lozim.
Ayni şu maqsadda mustaqil Vatanimiz tarixida ilk bor joriy yilning noyabr oyida mamlakatimizning barça hududlarida “Yangi Özbekiston ziyolilari – milliy yuksaliş tayançi” şiori ostida kengaş yiğilişlari taşkil etildi.
Xususan, Andijon viloyatida ötgan muloqotlarda ham poytaxtdan kelgan taniqli olim va ijodkorlar, şifokor, jurnalist, milliy-madaniy markazlar vakillari, davlat va jamoat taşkilotlari rahbarlari hamda faol yoşlar bilan bir davrada jam böldi.
Odatiy rasmiyatçilikdan xoli ötgan bu uçraşuvlar turli soha vakillarini yettita yönaliş atrofida birlaştirib, oçiq muloqot maydonini yaratdi. Andijon davlat universiteti professori Abdulhay Sobirov taʼkidlaganidek, jamiyatni yangilaş uçun, avvalo, insonlar ongini özgartiriş zarur, bu uluğvor jarayonda esa ziyolilarimiz odamlarni ortidan ergaştiruvçi asosiy kuç – çinakam “lokomotiv” bölişi kerak.
Qizğin bahs-munozaralarda inson qadri va milliy qadriyatlarni uluğlaş, oila va mahallada milliy tarbiyani kuçaytiriş, şuningdek, texnologiyalar taʼsirida uzoqlaşib borayotgan yoşlar va keksa avlod örtasidagi mehr-oqibat hamda insoniylik riştalarini mustahkamlaş masalalari örtaga taşlandi.
Xususan, “Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qöllab-quvvatlaş markazi rahbari Holidaxon Mirzarahimova bugun mahallalarda boqimondalik kayfiyati kamayib, kasb örganiş, tadbirkorlik qiliş va farzandini öqitişga intilayotgan ayollar köpayayotganini, bunday ijobiy özgarişlarni qöllab-quvvatlaşda ziyolilar yagona jamoa bölib harakat qilişi muhimligini qayd etdi.

Ayniqsa, farzandlarimizni internetdagi yolğon va zararli axborotlardan asraş, ona tilimizning qadrini kötariş va kitobxonlikni kuçaytiriş, qolaversa, mehnat migratsiyasining oilalar tarbiyasiga taʼsiri va xorijdagi vatandoş olimlarning bilimini yurtimiz rivojiga jalb etiş böyiça örinli va amaliy takliflar bildirildi.
Yorqin kelajak faqat orzu qiliş bilan qurilmaydi – uni çuqur bilim, halol mehnat va uyğoq tafakkur bilan quriş kerak. Zamonga şunçaki moslaşib qolmasdan, uning ertangi kunini yaratişga qodir bölgan, ilmini amaliy natijaga aylantirib, yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yaşaydigan faol ziyolilargina Yangi Özbekiston milliy yuksalişining haqiqiy tayançi böla oladi.
Farhodbek Otaxonov
Demokratik jarayonlarni tahlil qiliş markazi
Andijon viloyati hududiy bölinmasi rahbari.
ÖZA