Chexiya bilan sifat infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi delegatsiyasi Chexiya Respublikasiga amaliy tashrif doirasida Praga shahrida mamlakatning sifat infratuzilmasi sohasidagi yetakchi tashkilotlari rahbariyati bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va ilmiy-innovatsion hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi delegatsiya Chexiya standartlar, metrologiya va sinovlar idorasi (UNMZ), Chexiya metrologiya instituti (SMI) hamda Qurilish texnik va sinov instituti (TZÚS) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida global iqtisodiy integratsiya sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish, ichki bozorni sifatsiz va inson salomatligi uchun xavfli mahsulotlardan muhofaza qilish, Yevropa Ittifoqining samarali bozor nazorati tajribasini O‘zbekistonda joriy etish hamda milliy sifat infratuzilmasini rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, energiya tejamkor va «yashil» qurilish materiallari hamda lift uskunalarining Yevropa va xalqaro standartlar asosida muvofiqligini baholash amaliyoti o‘rganildi.
Uchrashuvda Chexiya tomoni O‘zbekistonning 2027-yildan Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC)ning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi, shuningdek, 2026-yil 13-apreldan Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi (BIPM)ga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinganini yuqori baholadi. Bu mamlakatimizga BIPMning qo‘mita va kengashlari yig‘ilishlarida ishtirok etish, ovoz berish hamda o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqini beradi.
Muzokaralar yakunida mutaxassislarni Chexiyada malaka oshirishni yo‘lga qo‘yish, metrologiya sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Chexiya metrologiya instituti (SMI) bilan hamkorlik hujjatlari imzolandi.

Ta’kidlanishicha, mazkur kelishuvlar yuqori malakali kadrlar tayyorlash, milliy etalonlarni xalqaro darajada taqqoslash, raqamli metrologiyani rivojlantirish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish hamda O‘zbekiston milliy sifat infratuzilmasini Yevropa standartlari darajasiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA