Zakovat maydonida bilimlilar bellashdi
Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularni mantiqiy fikrlash va bilimga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shu maqsadda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, Guliston harbiy prokuraturasi hamda Guliston davlat pedagogika instituti hamkorligida yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar va oliy ta’lim muassasasining pedagogika va psixologiya yo‘nalishi magistr talabalari ishtirok etib, bilim va tafakkur maydonida o‘zaro bellashdilar.

Intellektual o‘yin davomida tarix, adabiyot, ilm-fan, sport va zamonaviy hayotga oid qiziqarli hamda murakkab savollar ishtirokchilarga taqdim etildi. Jamoalar tezkorlik va aniqlik bilan javob berishga harakat qilib, o‘z bilim darajasi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar.
Tadbir tashkilotchilari bu kabi loyihalar yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Shuningdek, bunday musobaqalar yoshlar o‘rtasida do‘stlik va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlashi qayd etildi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy o‘tgan intellektual o‘yin yakuniga ko‘ra, faxrli 1-o‘rinni Safarbarlik chaqiruv rezervi batalyoni yosh harbiy xizmatchilari qo‘lga kiritishdi. 2-o‘rin Guliston davlat pedagogika instituti magistr talabalariga, 3-o‘rin esa Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlariga nasib etdi.

Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA