Zomin milliy tabiat bog‘ida o‘tkazilgan xalqaro marafon tafsilotlari...
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish, aholining turli qatlami, jumladan, yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Har kuni respublikamizning turli hududlarida turli yoʻnalishlarda koʻplab musoboqalar tashkil etilayotgani, ayniqsa, quvonarli.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashabbusi bilan besh yildan buyon oʻtkazilayotgan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqasiga turkum yoʻnalishlar kiritilgan. Bular – “Zaamin Ultra 2024” xalqaro togʻ bellashuvi, “Bukhara Night Race” tungi poygasi va Boʻstonliqdagi marafon. Ushbu xalqaro miqyosdagi musobaqalar nafaqat yurtimiz, balki xorijiy davlatlardan ham koʻplab sport ixlosmandlarini chorlayapti.

“Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumini ochib bergan, toʻrtinchi marta tashkil etilayotgan Zomin musobaqasi jismonan chiniqish, sportga oshnolikni koʻrsatish va, ayniqsa xorijliklar uchun yangi sayyohlik obyektlarini oʻrganishga xizmat qilmoqda.
“Sogʻlik uchun birlashaylik va ekologiyani asraylik” shiori ostida 2100 nafar ishtirokchini bir nuqtaga yiqqan xalqaro marafon respublikamizning turli viloyatlari va 20 ga yaqin mamlakatdan qatnashchilarni Oʻzbekiston Shvetsariyasi – Zominga jalb etdi. 50, 21, 10 va 2 kilometr masofalarda oʻzaro bahslashgan ishtirokchilar uchun unutilmas taassurotlar hadya etgan togʻli hudud dengiz sathidan 2200-2500 metr balandlikda joylashgan, yugurish yoʻlagi Toshkent teleminorasidan 6 barobar baland.

– Bu yil biz yana bir bor turli mamlakatlardan minglab kelgan sportchilarni birlashtirib, ularga orzularini roʻyobga chiqarish va dunyodagi eng qiziqarli baland togʻ yoʻlaklaridan birida oʻz irodasini sinab koʻrish imkoniyatini berdik, – dedi “Samarkand Marathon” yugurish musobaqalari turkumi kordinatori. – Joriy etilgan yangi tamoyillar qatorida tabiatni musaffo shaklda saqlash muhim ekanligiga masʼuliyat bilan yondashib, turkum ekologik tashabbuslarni, jumladan, “plogging”, yaʼni plastik stakanchalardan voz kechish amaliyoti va boshqa tadbirlarni tashkil etdik. Sportga qiziqadigan yoshu-qarini navbatdagi poygalarimizga qoʻshilishga taklif etamiz.
50 kilometr masofada erkaklar oʻrtasida Nurziyod Begaliyev, ayollar oʻrtasida esa Olga Popova gʻolib boʻldi. Artyom Sekachev va Aleksandra Cherkas 21 kilometrlik masofani bosib oʻtgan dastlabki ishtirokchilar deb topilgan boʻlsa, 10 kilometrlik masofada esa erkaklar oʻrtasida Bekzod Pardayev, ayollar oʻrtasida Aleksandra Kuznetsova zafar quchdi.

Qayd etish kerak, bu yilgi “Zaamin Ultra 2024” xalqaro marafonida 50 kilometr masofada rekord ham yangilandi: Nurziyod Begaliyev masofani oʻzidan avvalgi chopqirga nisbatan 12 daqiqa tezroq bosib oʻtdi. Mutlaq hisobdan tashqari yosh toifalari boʻyicha ham gʻoliblar taqdirlandi.

Shuningdek, bu yil barcha xayriya yugurish musobaqalari uchun anʼanaga aylanuvchi yangi ekologik “plogging” – yugurish asnosida chiqindilarni toʻplash tashabbusi joriy etildi. Ishtirokchilar ikki kunlik festivalni birgalikda yugurish va chiqindilardan tozalash hashari bilan yakunlanadi. Mazkur tashabbus tabiat bogʻini yagona maqsad sari birlashish va tabiat bogʻini uning asl qiyofasida saqlashga xizmat qiladi.
His-hayajonga boy, sportchilar xotirasida oʻchmas iz qoldirgan ikki kunlik “Zaamin Ultra 2024” marafoni har yil anʼanaviy tarzda oʻtkazilmoqda. Tabiiyki, mazkur xalqaro tadbir aholi oʻrtasida sportga qiziqishni oshiradi, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qiladi.

Eslatib oʻtamiz, iyun oyi oxirida Boʻstonliq tumanida sport festivali boʻlib oʻtadi, soʻngra – avgustda sevimli tadbirimizga aylangan Buxorodagi tungi poyga oʻtkaziladi. Anʼanaga muvofiq, Samarqanddagi marafon turkum musobaqalar mavsumini yakunlab beradi.
<iframe width=“560” height=“315” src="https://www.youtube.com/embed/7jMkzXdJSco?si=UczJf_Sj2GgEsrwC“ title=”YouTube video player“ frameborder=”0“ allow=”accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share“ referrerpolicy=”strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev,
Asliddin Alijonov va Ulugʻbek Toʻxtayev (video),
OʻzA