bugungi kunda bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada qator qonun hamda normativ-huquqiy hujjatlardagi huquqiy asoslar muntazam takomillashtirib borilmoqda.
Shuningdek, ayni konstitutsiyaviy islohotlar davrida Asosiy qonunimizga bola huquqlariga doir 10 ta o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Amaldagi Konstitutsiyaning 2 ta moddasida atigi 4 marotaba bola so‘zi ishlatilgan bo‘lsa, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar tufayli 7-moddada 15 marotaba bola so‘zi qo‘llanilmoqda.
2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi 4 ta maqsad bolalar himoyasi masalalariga qaratilgan. Xususan, «Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash» deb nomlangan 14-maqsadda «Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash» vazifasi belgilangan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash» mavzusidagi davra suhbatida qayd etildi.
— bugungi kunda yuvenal yustitsiya voyaga yetmaganlarga nisbatan yuritilayotgan odil sudlovning umume’tirof etilgan xalqaro standarti hisoblanadi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori, akademik Akmal Saidov. — Milliy qonunchiligimizda uning huquqiy va institutsional asoslari mavjudligi, o‘z navbatida, hozirda yurtimizda qizg‘in kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida ushbu institutning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalari muhim o‘rin tutadi.
Tadbirda yuvenal yustitsiya tizimida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning roli, mazkur institutga doir xorijiy tajriba va xalqaro standartlar, O‘zbekistonda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollari, konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida yuvenal yustitsiya institutini mustahkamlash zarurati kabi masalalarga doir ma’ruzalar tinglandi.
Qayd etilganidek, yuvenal yustitsiya ko‘plab xalqaro hujjatlarda bola huquqlarini ta’minlash sohasidagi asosiy institut sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Xalqaro standartlar va xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimizda yuvenal yustitsiyaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish istiqbollarini aniqlash, shu jumladan, uning konseptual va bazaviy asoslarini Konstitutsiyada mustahkamlash bu boradagi milliy amaliyotning rivojlanishiga zamin yaratadi. Buning uchun esa O‘zbekistonda yuvenal yustitsiya bo‘yicha milliy qonunchiligimizni va huquqni qo‘llash amaliyotini ilmiy-nazariy jihatdan chuqur o‘rganish, rivojlangan demokratik mamlakatlarda samarali qo‘llanilayotgan yuvenal yustitsiya modellarini tahlil qilib, ularning ma’qul tomonlarini aniqlash, milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davra suhbati yakunida bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborish xususida kelishib olindi.
M.Komilova, O‘zA