Yusuf al-Utaybiy: O‘zbekiston – go‘zal, mehmondo‘st va latofatli diyor
O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi do‘stona munosabat oxirgi yillarda keskin rivojlanish jarayonini namoyon etmoqda. Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun arafasida Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri ushbu davlatning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan suhbatlashdi.
– Janob Yusuf Al-Utaybiy, keling, suhbatimizni an’anaviyroq savoldan boshlasak. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarga Saudiya Arabistoni hukumati va xalqining qiziqishi qay darajada?
– Saudiya Arabistoni Podshohligi birinchilar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligini tan olgan mamlakatlardan hisoblanadi. 1992 yil fevralda ikki mamlakat o‘rtasida diplomatiya munosabati o‘rnatish xususida hujjat imzolangan. O‘zbekiston Respublikasiga Saudiya Arabistoni hukumati va xalqi doimo katta e’tibor bilan qaraydi. Podshohlikning bu e’tibori ikki qardosh mamlakatni birlashtirib turuvchi diniy, madaniy va tarixiy mushtaraklikka asoslanadi. Biz bu zamindan yetishib chiqib, Islom diniga xizmat qilgan olimlar – Imom al-Buxoriy, al-Xorazmiy, al-Beruniy, an-Nasoiy, az-Zamaxshariy, Imom at-Termiziy va boshqa zotlarga chuqur ehtiromimizni izhor etamiz.
Hozir O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar borasida gapirganda, mamlakat keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, insonparvarlik va boshqa sohalarda sezilarli rivojlanishga erishganini e’tirof etish lozim bo‘ladi. Shu o‘rinda beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab oluvchi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Prezident Janobi Oliylari e’lon qilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini ko‘rsatib o‘tishni istardim. Ayniqsa, yangi strategiya davlat qurilishi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, adolat va qonun ustuvorligi, iqtisodni rivojlantirish, sifatli ta’lim va yaxshi tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy soha, xalqaro muammolarni hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish, O‘zbekistonda tinchlik va xavfsizlik, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish singari eng muhim 7 yo‘nalishni qamrab olgani ahamiyatli.
– Hozirgacha o‘zaro hamkorligimiz doirasida erishilgan natijalar sizni qoniqtiradimi va bu jarayonni yanada rivojlantirish uchun nimalar qilmoqchisiz?
– So‘nggi paytda aloqalarimiz ko‘lami kengayib bormoqda. Tashriflar sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga hissa qo‘shdi. Afsuski, savdo ayirboshlash va investitsiyaning bugungi holati hamkorlikning haqiqiy darajasini aks ettirmaydi. Shuning uchun barcha sohalarda o‘zaro mahsulot va xizmatlar almashinuvi hamda investitsiya hajmi, miqdorini oshirish ustida ishlayapmiz. Xudo xohlasa, natijalar yaqin kelajakda namoyon bo‘ladi.
– Saudiya Arabistoni arab ko‘rfazidagi eng qudratli davlatlardan biri hisoblanadi. Xuddi shunday, O‘zbekiston ham mintaqaning aholisi eng ko‘p, yetakchi mamlakati sanaladi. Shu ma’noda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik mavjud salohiyatga mosmi?
– Saudiya Arabistoni Podshohligi va O‘zbekiston Respublikasi barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega mamlakatlar sanaladi. Bu o‘rinda o‘zaro aloqalar darajasi hamkorlikning turli yo‘nalishlarida o‘z aksini topib, ikki mamlakat rahbarlari orzularini amalga oshishiga xizmat qilishi lozimligini ta’kidlayman.
– Janob Elchi, dini yagona, qadriyatlari, an’ana va urf-odati, madaniyati va ma’naviyati bir-biriga yaqin yurtlar sifatida davlatlarimiz kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
– Ikki qardosh mamlakatni diniy, madaniy va tarixiy mushtaraklikka xos umumiylik birlashtirib turadi. Bu o‘z navbatida mamlakatlarimiz farovon kelajagini qurishga o‘z hissasini qo‘shadi.
– O‘zbekiston haqida bu yerga elchi bo‘lib ishga kelmasingizdan oldin qanday fikrda edingiz va bu taassurotingiz o‘tgan qisqa vaqt davomida qay darajada o‘zgardi yoki boyidi?
– Men O‘zbekiston go‘zal diyor, tarix va musulmon olimlarini mujassam etuvchi yurt ekanligi, mehmondo‘st, latofatli va Ikki muqaddas masjid joylashgan mamlakatdan keluvchi har bir insonga muhabbat bilan qaraydigan xalqi borligini bilardim. Qator kitoblar, qissalarda eng qadimiy shaharlardan bo‘lgan Samarqandning minglab yillardan beri dunyo tamaddunida tutgan o‘rni haqida o‘qiganman. Bu shaharning ismi tarixda o‘chmas iz qoldirgan. Yurtingizga kelganimdan keyin tartib va taraqqiyot darajasi, poytaxt go‘zalligi va tabiati, o‘zbek xalqining saxovati meni yanada hayratga soldi.
– Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan bayram – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Milliy axborot agentligi orqali xalqimizga tabrik, tilak va istaklaringizni bildirishingiz mumkin. Marhamat!
– Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari, O‘zbekiston hukumati va qardosh xalqiga eng samimiy tabriklar, xolis istaklarimni izhor etishdan baxtiyorligimni bildiraman.
– Suhbat uchun vaqt ajratib, samimiy fikrlaringizni izhor etganingiz uchun tashakkur!
G‘ayrat XONNAZAROV
suhbatlashdi.