Fuqarolik jamiyati – islohotlarning muhim tayanchi
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Navoiy viloyati hududiy bo‘limi hamda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘linmasi hamkorligida “Yoshlar oyligi” doirasida NNT rahbarlari va yosh tashkilotchilar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularning davlat hamda jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ochiq muloqot, ijtimoiy sheriklik, davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar tizimi takomillashtirilib, NNTlarning jamiyatdagi nufuzi oshib bormoqda.
Davra suhbatida nodavlat sektorda ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini yosh NNT rahbarlariga yetkazish, ularning grantlar tanlovlarida ishtirok etish, ijtimoiy loyihalar ishlab chiqish hamda boshqarish bo‘yicha salohiyatini oshirish borasida so‘z yuritildi.
Davra suhbati davomida viloyatning turli hududlarida amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi.
Tadbirda ishtirokchilarga Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan ijtimoiy buyurtmalar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga yangi a’zo bo‘lgan tashkilotlarga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri