Yurtni obod qilish san’ati
Bugun yurtimiz quruvchilarining kasb bayrami!
Bolaligimizni eslasak, men uchuvchi bo‘laman, shifokor, muallim yoki mashhur sportchi bo‘laman deydigan teng-to‘shlarimiz qatorida “men katta bo‘lsam quruvchi bo‘laman” deb orzu qilganlari ham juda ko‘pchilikni tashkil qilardi.
Albatta, quruvchilik, bunyodkorlik, bu – bebaho kasb.
Quruvchida aql-zakovat, idrok, hali xom – xayolida bo‘lgan loyihalar yechimini to‘g‘ri baholay olish va eng muhimi, o‘zi qo‘l urayotgan ish mevasi bo‘lmish go‘zallikni oldindan his qilishdek noyob tuyg‘u jismu joniga uyg‘unlashgan, hamohang bo‘ladi.
Quruvchilik – asrlar davomida shakllanib, sayqallanib kelgan, kelayotgan san’atning o‘zi, boshqa narsa emas. Ota-bobalarimiz bu kasbga ana shunday yuksak maqom o‘laroq qarab, e’zozlab kelgan.
Tarixiy asarlarda dushman qo‘liga tushib qolgan usta, me’morlarni aynan kasblari o‘limdan saqlab qolgani va ularga o‘ziga xos hurmat-izzat ko‘rsatilgani haqidagi lavhalarga duch kelgan paytlarimiz ko‘p bo‘ladi.
Tarix guvoh – jangu jadal ketayotgan joylarda ham usta quruvchilar ehtiyot qilingan. Chunki urush tufayli vayron bo‘lgan o‘lkalar aynan shu soha egalari – usta muhandislar, quruvchilar, ganchkoru o‘ymakorlar, me’morlar mehnati ila qaytadan jonlanishini qilichidan qon tomib turgan hukmdorlar ham yaxshi bilgan va ushbu kasb egalarini qadrlab kelgan.
Tabiiyki, har kim ham o‘z-o‘zidan quruvchi bo‘lib ketavermaydi. Buning uchun, avvalo, insonda obodlikka, yangilikka ishtiyoq va albatta katta maqsad mujassam bo‘lmog‘i kerak.
Yo‘q joyda nimanidir qurish, bunyod etish – bir tomondan sharafli, ikkinchi tomondan mas’uliyatli va mashaqqatli ish.
Katta–katta shaharlardagi asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan tarixiy yodgorliklar, milliy qadriyatlar timsoli bo‘lib ko‘z-ko‘z qilinayotgan “mo‘’jizalar” – quruvchi, usta muhandislar mehnati mahsuli emasmi?
Olis o‘tmishdan bugungi kunimizga qaytaylik. Bugun nafaqat poytaxt yoki viloyatlar markazlari, balki chekka-chekka tumanlar, hatto qishloqlarda ham ko‘zni quvontiruvchi o‘zgarishlar – turar joy majmualari, ijtimoiy soha ob’ektlari, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari qad rostlamoqda. Ko‘z o‘ngimizda Yangi O‘zbekiston bunyod bo‘lmoqda. Bularni ko‘rib, shu yurtning bir farzandi sifatida ko‘nglingiz g‘ururga to‘ladi, hayratingizni yashirolmaysiz.
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, qurilish sohasi yurtimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylanib ulgurdi. E’tibor qaratadigan bo‘lsak, hozirgi kunda O‘zbekiston – Xalqaro mehnat standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar safidan joy olayotganini dunyo hamjamiyati ham e’tirof etmoqda.
Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda. Ushbu dastur yurtimiz mehnat bozorida inson qadrini oshirishga, hamma uchun xavfsiz va adolatli mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston qurilish maydoniga aylangan. Zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalar, yangi innovatsion yechimlar ushbu sohaning taraqqiy etishiga, murakkab va xilma-xil bo‘lishiga, shuningdek, raqamlashgan tizimning sezilarli darajada oshganligi, mehnat bozoridagi tendensiyalarni oldindan prognoz qilish, vaqt va resurslarni tejash, qolaversa, temir, po‘lat, shisha va plastik kabi materiallar binolarni yanada balandroq, ko‘rkamroq va qulayroq yaratilishiga xizmat qilmoqda.
Oddiy bir xonadonda kichik bir imorat ko‘tarishning ham o‘ziga xos mashaqqati bor. Endi yirik-yirik inshotlar, yangi-yangi shaharlarni bunyod etish mashaqqati va mas’uliyatini tasavvur qilavering.
Bir yil burun O‘zbekistonga kelgan sayyox, hatto yurtimizning bir mintaqasidan boshqa bir shahriga kelib qolgan kishi yo‘lini yo‘qotib qo‘yishi, o‘zgarishlarga hayrat bilan boqishi oddiy holga aylandi.
Ana shunday ulug‘vor yangiliklar zamirida eng avvalo yurtimizdagi ko‘p mingsonli quruvchilar jamoasining kamtarona, ammo beqiyos xizmatlari yotadi.
Biz faxr bilan tilga olayotgan, mehmonlarga ko‘z-ko‘z qilayotgan inshootlar, istirohat bog‘lari, parklar, ko‘priklar, odamlar yashaydigan manzillar o‘z-o‘zidan bo‘nyod bo‘lib qolayotgani yo‘q.
Uning o‘z ustalari, yaratuvchilari bor.
Bu mo‘’jizalar chin ma’noda qo‘llari gul bo‘lgan quruvchi, usta me’mor-muhandislar mehnati mahsuli.
Eng ko‘p tahsin, olqishni kim oladi? Albatta, bunday baxtga muyassar kasb egalari ichida quruvchilarning ham alohida o‘rni bor.
Zargar xato qilsa, bitta taqinchoq buzilar, lekin quruvchi xato qilsa-chi?.. Bu har bir quruvchi o‘ziga beradigan, har ish kunida xayolida, fikru o‘yida bo‘ladigan savol. Bu savolni o‘ziga berishdan to‘xtagan kuni quruvchi yoki usta sohaga begona kishiga aylanib qoladi.
Menimcha, qadrdon elimizning minnatdorlik tuyg‘ulari quruvchilar uchun eng oliy mukofotning o‘zi. Halol mehnatning og‘irchiligini “ustachilik odobi” orqali yengib topilgan daromad quruvchiga erkinlik va ishonch berish bilan birga, xalqning uzilmas duosi va hurmatiga ham sazovor etib, qalbiga xotirjamlik bag‘ishlaydi. Bu tibbiyotdagi “Gipporkat qasami” kabi alohida bir norma bo‘lmasa-da, o‘z vijdoni, xalqi va oilasi oldidagi ma’naviy va axloqiy majburiyatlar silsilasidir. Xalqaro miqyosda bu “The Builder’s Oath” deb atalsa, bizda “Ustachilik odobi” kasbiy halollikka amal qilish yuksak ichki madaniyat egasi, haqiqiy quruvchining qiyofasini belgilaydi.
Shu o‘rinda sinovdan o‘tgan ko‘hna haqiqatlardan biri ongimizda jarang sochadi: “Usta rizqining barakasi, bino poydevoriga halollik urug‘ini ekishdan boshlanadi”.
Ko‘p asrlar burungi va hozirgi quruvchi, ustalar o‘rtasida texnologiya, vaqt hamda ijtimoiy tuzilishning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan ulkan evolyutsiyadir. Garchi maqsad bir, lekin ularning ish uslubi, qurollari va bilim manbaalari tubdan farq qilsa-da, maqsad, ishga munosabat, aniqlik, hisob-kitobda hech qanchon yanglish bo‘lmagan. Zamonaviy ilm, qolaversa, bugungi kun soha olimlari ota-bobolarimiz aql-zakovatiga tan berib keladi. Bu an’ana hozir ham yangi avlod quruvchilari timsolida yashab kelayotganini ko‘rib, yayraysan kishi.
Ha, yurtimizda qurilish sohasiga qaratilgan ustuvor vazifalar, avvalo, inson manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bilan hamohangdir.
“Uy qurgan – elga yoqar”. Bu hikmat zamirida halollik, tinimsiz mehnat, vijdon amri yotadi. Zahmatkash bunyodkorlarimizning olijanob mehnatlarini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.
Bugun o‘zbekistonliklar ulkan tarixiy jarayonlar ichida yashamoqda. Yangilikka intilib yashash xalqimizga va davlatimizga xos xususiyat ekanini dunyo ko‘rib, e’tirof etib turibdi. O‘zbekistonimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, jannatdan bir chimdim andoza olgan ma’voga o‘xshaydi. Buni yon-atrofimizdagi o‘zgarishlar, tobora ko‘rkamlashib borayotgan aziz vatanimiz qiyofasida ko‘rib, his qilib, ko‘nglingda shukronalik hissini tuyasan.
Bu “ma’vo”ni siz bunyod qilayapsiz, aziz quruvchilar!
Siz azizlar yaratayotgan inshootlar, binolar, ko‘priklar, istirohat bog‘lari, turar joy manzillari umrboqiy bo‘lsin!
Madina Zufarova,
“RENESSANS” ta’lim universiteti talabasi,
O‘zA