Energetika vaziri yangi avlod issiqxonasida energiya tejamkor yechimlar bilan tanishdi
Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev “Yangiyo‘l - Agro Star” MCHJ tomonidan bunyod etilgan zamonaviy issiqxona majmuasi bilan tanishdi.
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani hududida joylashgan mazkur issiqxona 4 gektar maydonni egallagan bo‘lib, Xitoy texnologiyalari asosida qurilgan. Majmuaning asosiy o‘ziga xos jihati shundaki, isitish jarayonida gaz yoki ko‘mirdan foydalanilmaydi. Zarur harorat maxsus issiqlik nasoslari asosida ta’minlanadi va ushbu uskunalar elektr energiyasi asosida ishlaydi.
Isitish tizimi bilan bir qatorda, issiqxonada energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan boshqa texnologik yechimlar ham qo‘llanilgan. Jumladan, maxsus issiqlik saqlovchi qoplamalar qish mavsumida issiqlikni saqlashga xizmat qilsa, yozda ochib qo‘yiladi. Bu esa issiqxonada zarur haroratni barqaror saqlash imkonini beradi.

Majmuaning elektr ta’minotida ham muqobil energiya manbalaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda bu yerda 100 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular natijasida yiliga qariyb 252 ming kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Shundan taxminan 24 ming kVt·soat miqdoridagi ortiqcha energiyani realizatsiya qilish imkoni mavjud.
Qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar issiqxonada yil davomida uch marta hosil yetishtirish imkonini ham beradi. Bu, o‘z navbatida, mavjud yer maydonidan yanada samarali foydalanish va yilning turli mavsumlarida mahsulot yetishtirish hajmini oshirish uchun sharoit yaratadi.
Majmuaning barqaror faoliyati uchun zarur infratuzilma ham shakllantirilgan. Xususan, loyiha doirasida 400 kVA quvvatli transformator o‘rnatilgan, suv ta’minotini yo‘lga qo‘yish maqsadida esa 7 ta suv chiqarish nuqtasi tashkil etilgan.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tanishuv Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha tumanda “mahallabay” ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rganishga qaratilgan. Ayni paytda hududda elektr va gaz ta’minotini yaxshilash, energiya resurslaridan samarali va tejamkor foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA