Yurt tilsimlari: Mir Arab madrasasi (+video)
Xalq orasida Mir Arab (Arab amiri) nomi bilan mashhur bo‘lgan Sayyid Abdulloh al-Yamaniy Yamanda tug‘ilganlar. 22 yoshlarida Samarqandga kelib, Naqshbandiya tariqatining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Xoja Ahror Valiyga shogird tushib, tariqat piri darajasiga yetishganlar. Ustozlarining vafotidan so‘ng Buxoro hukmdori Ubaydulloxon bilan tanishganlar. Tez orada Buxoro ulamolari o‘rtasida shuhrat qozonib, ularga maslakdosh, xonga pirlik martabasiga erishganlar.
U zotning tashabbuslari bilan Ubaydulloxon in’om qilgan mablag‘ hisobiga 1530 (hijriy 936) yilda Masjidi Kalonning sharqiy tomonida madrasa qurilishi boshlangan. Biroq bu qurilish nihoyasiga yetmasdan, Sayyid Abdulloh al-Yamaniy olamdan o‘tib, vasiyatlariga ko‘ra kuyovlari Shayx Zakariyo 1536 (hijriy 942) yilda qurilishni oxiriga yetkazgan.
Mir Arab madrasasi Minorai Kalon va Masjidi Kalon bilan go‘zal bir me’moriy majmuani tashkil etadi.
Bu bilim dargohi shahardagi madrasalardan ikki ulkan moviy gumbazi bilan ajralib turadi. Ushbu madrasaga kirish eshigi g‘arb tomonida bo‘lib, o‘ng tomondagi gumbaz ostida masjid, chap tomondagi gumbaz ostida maqbara joylashgan. Maqbarada Sayyid Abdulloh al-Yamaniy, Buxoro xoni Ubaydulloxon va u zotning qarindoshlari dafn etilganlar.
Madrasa ikki qavatdan iborat bo‘lib, Qur’oni Karim suralari soniga muvofiq 114 hujradan iborat. Bu binoda to‘rtta ulkan peshtoq Qur’oni Karim oyatlari bilan bezatilgan. Mir Arab madrasasi islom dini va madaniyati ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ilm dargohlari orasida eng ma’lum va mashhurlaridandir.
Bu ulug‘ bilim dargohida Buxoro amirlaridan Amir Shohmurod, Amir Haydar va boshqa buyuk zotlar ham tahsil olganlar.
Madrasa qariyb besh yuz yillik faoliyati davomida O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Eron, Rossiya, Kavkaz, Ozarboyjon, Dog‘iston kabi davlatlar musulmonlari hayotida ham muhim o‘rin egallab kelgan va diniy xodimlar tayyorlashda katta ahamiyat kasb etgan.
Sobiq Sovet Ittifoqi davrida madrasalar faoliyati to‘xtatilgan bo‘lsada Mir Arab madrasasi 1945 yildan boshlab hozirgi kunga qadar ishlab kelmoqda. Bu ilm maskanidan islom dini ravnaqiga sezilarli hissa qo‘shgan mashhur ulamolar yetishib chiqqan. Ular orasida Rossiyalik Ravil Gaynutdin, Boshqirdistonlik Talgat Tojuddin, Chechenistonlik Ahmad Qodirov, Ozarbayjonlik Olloshukur Poshshozoda, Qirg‘izistonlik Kimsanboy Abdurahmonov hamda Turkmanistonlik Nasrulloxon Ibodulloyev kabilar ilm olganlar. Shuningdek, bilim yurtini ochilishiga sababchi bo‘lgan muftiy Eshon Boboxon, muftiy Eshon Ziyovuddinxon va zamonamizning taniqli ulamolari Abdulg‘ani Abdullayev, Muxtorjon Abdullayev, Yusufxon Shokirov, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Fozil qori Sobirov, Rahmatulla qori Obidov, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon Alimov, Abdulg‘afur Razzoqov va respublikamizdagi imom-xatiblarning aksariyati ham madrasaning faxriy talabalaridan bo‘lganlar.
Madrasa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida bo‘lib, barcha ta’lim va tarbiyaviy ishlar idora hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’lim bo‘limi tomonidan boshqariladi. Ta’lim maskani – 4 yil davomida diniy fanlar bilan bir qatorda umumta’lim fanlari ham o‘qitiladi. Bilim yurtida 30 nafar ma’lumoti oliy va malakali o‘qituvchi-mudarrislar 150 dan ko‘proq talabalarga dars berib kelmoqdalar.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sqDkLn4JNmU" title="Yurt tilsimlari: Mir Arab madrasasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madrasada talabalarning ilm olish va yashashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA