Yuridik universitetda ikkinchi oliy ta’lim olishga yo‘l ochildi
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida fuqarolarning kasbiy salohiyatini oshirish va qayta tayyorlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Shu maqsadda hukumat qarori bilan tasdiqlangan yangi nizomga muvofiq, endi oliy ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarolar Toshkent davlat yuridik universitetida (TDYUU) maxsus 3 yillik ta’lim dasturi asosida ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur tartibga ko‘ra, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan talabgorlar test sinovlari asosida “Yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishiga qabul qilinadi. Hujjatlarni qabul qilish har yili 10-iyuldan 10-avgustga qadar (shu kuni ham) Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari mazkur nizomga muvofiq, abituriyentlar test sinovlarida faqat mutaxassislik fanlari va chet tili bo‘yicha ishtirok etadi. Bunda umumiy tartibdagi kirish imtihonlarida nazarda tutilgan imtiyozlar maxsus 3 yillik ta’lim dasturiga tatbiq etilmaydi. Faqat chet tilini bilish bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lganlar uchun amaldagi tartib saqlanib qoladi.
Shuningdek, magistratura bosqichida o‘qish muddati ham aniq belgilandi. Xususan, “Yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tamomlaganlar magistraturada 1 yil, turdosh ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari esa 2 yil davomida tahsil oladi.
Bu tartib yuridik sohada qo‘shimcha mutaxassislikka ega bo‘lish, kasbiy faoliyatini kengaytirish hamda huquqshunoslik sohasida bilim va malakasini oshirish istagidagi oliy ma’lumotli fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, mazkur qaror mamlakatda malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va yuridik ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA