Mamlakatimizda eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda bundan keyin huquqiy fanlardan test topshirish amaliyoti joriy etiladigan bo‘ldi.
Shu kungacha Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda abituriyentlar 2 ta bo‘limdan iborat 5 ta fandan test sinovlari topshirar edi.
Bunda, 1-bo‘limda barcha yo‘nalishlar uchun majburiy 3 ta fan, jumladan, ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limda “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta fan, ya’ni tarix va chet tili fani jamlangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘limida nomutaxassislik (tarix) fanining belgilanishi umumiy o‘rta ta’lim va oliy yuridik ta’lim o‘rtasida uzviylikning ta’minlanmasligiga, maktabda huquqshunoslik faniga bo‘lgan qiziqishning pasayishga hamda oqibatda oliy ta’limga kelgan talabada huquqiy fanlar bo‘yicha zarur bilim shakllanmayotganligiga olib kelmoqda.
Shunga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab test sinovlarining 2-blogi, ya’ni “yurisprudensiya” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘yicha tarix fani o‘rniga huquqiy fanlarni kiritish masalasi universitet kengashida ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Test savollari bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 4 yil davomida yuqori sinflarda o‘tilayotgan davlat va huquq asoslari hamda Konstitutsiyaviy huquq asoslari fanlari jamlanmasidan tuziladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA