2025-2026 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha imtihon jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Xususan, 7 iyuldan boshlab kasbiy (ijodiy) imtihonlar rasmiy tarzda boshlandi. Ushbu imtihonlar san’at, sport, jurnalistika, aktyorlik, dizayn va boshqa ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olishni istagan abituriyentlar uchun muhim bosqich hisoblanadi.
Joriy yil 52 ta OTMda kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkazilyapti. Ushbu imtihonlarga oid jumladan, baholash mezonlari, o‘tkazilish joyi, sanasi kabi muhim yangiliklar har bir oliygohning rasmiy sahifalarida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 iyuldagi “Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilish tizimini takomillashtirish, abituriyentdan ijodkorlik va individual mahorat talab etiladigan sohalardagi ta’lim yo‘nalishlariga qabulni adolatli, xolis va shaffof o‘tkazish orqali puxta bilimga yega bo‘lgan iqtidorli yoshlarning o‘qishga qabul qilinishini ta’minlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida ham 7 iyuldan 11 iyulgacha kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida tashkil etilgan mazkur imtihonlar 5 kun muddatda har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida jadvallar asosida abituriyentlarga qulay sharoitlar yaratilgan holatda o‘tkazilmoqda.
Imtihon jarayonlari adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari o‘rnatilgan va maxsus komissiyalar jalb etilgan. Natijalar belgilangan muddatlarda e’lon qilinadi. Shuningdek, imtihon jarayonlari amaliy hamda og‘zaki shaklda bo‘lib o‘tdi.
N.Usmonova, O‘zA