Yulduzlar o‘rnini sun’iy yo‘ldosh egallayaptimi?
Olimlar yangi tahlil natijasiga tayanib, Yer atrofiga chiqarilishi rejalashtirilgan 1,7 million sun’iy yo‘ldosh astronomiya uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Ularga ko‘ra, bunday ko‘lamdagi loyiha tungi osmonni shunchalik yoritib yuboradiki, koinotni kuzatish imkoniyati sezilarli cheklanadi.
Hozir Yer orbitasida 14 mingga yaqin sun’iy yo‘ldosh harakatlanadi. Asosiy ulush “SpaceX” kompaniyasi “Starlink” tizimi hissasiga to‘g‘ri keladi, biroq mutaxassislar ta’kidlashicha, yaqin yillarda bir necha yirik kompaniya va startaplar fazoga yuz minglab yangi apparat chiqarishni rejalashtirgan.
Tadqiqotchilar, ayniqsa, “Reflect Orbital” loyihasiga e’tibor qaratmoqda. Kompaniya tunda Yer yuzini yoritish maqsadida ulkan ko‘zguga ega 50 mingta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga chiqarishni ko‘zlayapti. Ta’kidlanishicha, bunday apparat hatto Venera sayyorasidek yorqin ko‘rinib, teleskop to‘playotgan ma’lumotni deyarli yaroqsiz holga keltirishi mumkin.
Mutaxassislar tungi osmonning sun’iy yoritilishi inson va hayvonlarning biologik ritmiga ta’sir ko‘rsatishi, ekotizimda muvozanatni buzishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shuningdek, millionlab qurilmani fazoga chiqarish ekologik va energetik jihatdan ham savollarni yuzaga keltirmoqda.

Yana bir xavotirli ssenariy – “Kessler syndrome”. Bu holatda orbitadagi apparat va ularning parchasi bir-biri bilan to‘qnashib, yangi chiqindi hosil qiladi. Oqibatda zanjirsimon jarayon boshlanib, Yer atrofidagi fazo ayrim yo‘nalishda amalda foydalanib bo‘lmaydigan hududga aylanishi mumkin. Shu bois olimlar orbitadagi sun’iy yo‘ldosh sonini 100 mingtadan oshirmaslik va yorug‘ligini inson ko‘zi ilg‘amaydigan darajaga tushirishni taklif qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA