11 milliard dollarlik fazoviy jang…
“Amazon” sun’iy yo‘ldosh aloqa bozoridagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida “Globalstar” kompaniyasini 11,57 milliard dollarga sotib olishini ma’lum qildi. Bu qadam bilan korxona o‘z koinot interneti loyihasini jadallashtirib, raqobatda ildamlashni maqsad qilmoqda. Shu tariqa, "Amazon" ilk bor sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimida jiddiy sub’ektga aylanish niyatini bildirdi.
Mazkur kelishuv “Amazon” kompaniyasiga “Globalstar”ga tegishli mavjud tarmoqni o‘z tizimiga qo‘shish imkonini beradi. Yer orbitasiga minglab yangi qurilma chiqarishni rejalashtirgan bu jamoa 2029-yilgacha 3200 sun’iy yo‘ldosh moslamasini koinotga olib chiqishni maqsad qilgan. Bu orqali internet xizmatini qurilmalarga bevosita yetkazish texnologiyasi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ayni yo‘nalishda “Amazon”ga asosiy raqobatchi “SpaceX” kompaniyasi “Starlink” xizmatidir. Ilon Mask rahbarlik qilayotgan bu loyiha allaqachon millionlab foydalanuvchini qamrab olgan. Demak, yangi xarid bozordagi kuch muvozanatini tebratishi mumkin.
Bitimning yana bir muhim jihati bor: “Globalstar” orqali “Apple” qurilmasida ishlaydigan favqulodda aloqa xizmati saqlanib qoladi. Ya’ni, kelishuv nafaqat raqobatni kuchaytiradi, balki sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa texnologiyasi yanada ommalashishiga turtki beradi.
Musulmon Ziyo,
O‘zA