Yosinbek Odilov jahon chempioniga aylandi
Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi medaliga sazovor bo‘ldi.
Ya’ni, 48 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Yosinbek Odilov musobaqada barcha raqiblarini mag‘lub etib, finalga qadar ishonchli yetib keldi. Hal qiluvchi bahsda u Ummon vakili Dovud Al-Yusufiyga qarshi tatamiga chiqdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan final uchrashuvida hamyurtimiz ustunlikni qo‘lga kiritib, raqibini 2:0 (5:1, 11:9) hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa, Yosinbek Odilov yoshlar o‘rtasida jahon chempioni degan yuksak unvonga sazovor bo‘ldi hamda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi ilk oltin medalni taqdim etdi.
Ayni paytga kelib, jamoamiz hisobida 1 tadan oltin va kumush medali mavjud.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA