Yoshu keksa o‘zbek tilini ulug‘lamoqda
Surxondaryo viloyatida O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda.
Bayram munosabati bilan Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan maydonda tashkil etilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, harbiy xizmatchilar, talabalar, ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimining O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan voha ahliga yo‘llagan tabrigini Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov o‘qib eshittirdi. O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Allamuradov va boshqalar o‘zbek tili lo‘g‘atining boyligi, jozibasi va xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. Milliy o‘zligimizni anglash va nufuzini yanada oshirish, qo‘llash doirasini kengaytirishga qaratilayotgan e’tibor to‘g‘risida fikr almashdi. Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yosh avlodni milliy qadriyat va an’analarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizda davlat tilining to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘z samaralarini berayotganini qayd etdi. Ta’lim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirib, sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlab, jahondagi o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ta’kidlandi.

Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri