Yoshlarning xalqaro imtihon xarajatlari qoplab berildi
O‘zbekistonda yoshlarning bilim olishi va xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash tizimi yangi bosqichga chiqdi.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan xalqaro imtihonlarda yuqori natija ko‘rsatgan 74 ming 102 nafar yoshning jami 151 milliard so‘m imtihon xarajatlari qoplab berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan yo‘lga qo‘yilgan ushbu dastur doirasida kompensatsiya olganlarning qariyb 79-80 foizini 14–23 yoshdagilar tashkil etadi.
Xususan, 2025-yilda 17 ming 261 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplangan bo‘lsa, 2026-yil yakunigacha 25 ming 850 nafarlik marra ko‘zda tutilgan. Bir yilning o‘zida yana 8 ming 589 nafar yosh. Bu, albatta, sezilarli o‘sish.
Xo‘sh, imkoniyatdan kimlar ko‘proq foydalanyapti? Eng katta ulush 18–23 yoshli yigit-qizlarga tegishli. 14–17 yoshli 25 112 nafar yosh ham xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan. Demak, jami kompensatsiya olganlarning 79 foizi 14–23 yoshdagilar. Bu esa bolalar maktab davridayoq xalqaro sertifikatlar va xorijiy ta’lim imkoniyatlariga jiddiy tayyorlanayotganini bildiradi. Umumiy hisobda imkoniyatdan 38 ming 503 nafar qiz va 35 ming 599 nafar yigit foydalangan.
Yo‘nalishlar bo‘yicha talab yuqori bo‘lgan IELTS bo‘yicha hozirgacha 54 ming 48 nafar yoshga 125 milliard so‘m kompensatsiya to‘langan. SAT bo‘yicha ham raqamlar talaygina. 9 ming 82 nafar. Demak, yoshlarimiz mo‘ljalni tobora baland olyapti. Yana bir yaxshi tendensiya - tanlov kengaymoqda: koreys tilidan TOPIK, xitoy tilidan HSK, nemis tilidan TestDAF, Goethe-Zertifikat kabi xalqaro imtihonlar ham kompensatsiya tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lib boryapti.
Qoraqalpog‘istonning shimolida bu imkoniyatga yetish uchun IELTSdan 6 ball kifoya. Davlatimiz rahbari qaroriga ko‘ra, 12 ta hududda doimiy yashovchi yoshlar IELTSdan 6 va undan yuqori yoki TOEFL’dan 60 va undan yuqori ball olsa, imtihon xarajatlari qoplab beriladi.
Bir necha yil oldin minglab yoshlar foydalangan imkoniyat bugun o‘n minglab yoshlarni qamrab olyapti.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA