Yoshlar yetakchilarining o‘rni katta
Qaror va ijro
Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar, o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tmoqda.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20-apreldagi “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida o‘tkazilayotgan seminarlarda mutasaddi va mutaxassislar, mahallalarda ish olib borayotgan yoshlar yetakchilari ishtirok etmoqda.

O‘quv-seminar mashg‘ulotlarida mazkur hujjatning ahamiyati, mazmun-mohiyati va maqsadi, xususan, belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, yoshlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, ta’lim, bandlik, tadbirkorlik, volontyorlik, ijtimoiy faollik va zamonaviy kasblarni egallashga qaratilgan tashabbuslar haqida ishtirokchilarga keng ma’lumot berildi.

– Strategiyada yurtimizda 20 ming nafar yoshning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy kasblarga o‘qitish kabi vazifalarni amalga oshirish belgilangan. Bu borada belgilangan chora-tadbirlar rejasi asosida olib boriladigan ishlar samaradorligi ko‘p jihatdan yoshlar yetakchilariga bog‘liq. O‘tkazilayotgan o‘quv seminarlari yoshlar yetakchilarining mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, mahalla yoshlariga davlat tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlarni yetkazish hamda faol yoshlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, – deydi Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Naziraxon Ubaydullayeva.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.