“Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi
Poytaxtimizda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasining mazmun-mohiyati, ahamiyati, asosiy maqsad va vazifalariga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Davlat organlari vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda soha ekspertlari ishtirok etgan tadbirda Strategiyani amalga oshirish mexanizmlari, milliy statistika tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, ma’lumotlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, shuningdek, manfaatdor tomonlarning kelgusidagi vazifalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2026-yil 10-sentabrdagi “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Стратеgiяda ma’lumotlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-31546]
Bunda statistik ma’lumotlarni tayyorlashning barcha bosqichlarida yagona yondashuvlarni joriy etish, uslubiyatlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, metama’lumotlarni takomillashtirish va statistik ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish nazarda tutilgan.
Strategiyaga muvofiq, statistik hisobotlarni bosqichma-bosqich maqbullashtirish hamda mavjud ma’muriy ma’lumotlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish nazarda tutilgan. Jumladan, 2030-yilga qadar statistik hisobot shakllari sonini 47 tadan 38 tagacha kamaytirish, rasmiy statistikada muntazam foydalaniladigan ma’muriy ma’lumotlar manbalari sonini 60 tadan 100 tagacha yetkazish maqsad qilingan.
Strategiyada innovatsion statistik mahsulotlarni ishlab chiqishga ham e’tibor berilgan. Xususan, eksperimental statistikani rivojlantirish, ma’lumotlar ilmi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan statistik tahlilda foydalanish hamda zamonaviy texnologik yechimlarni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish belgilangan.
Foydalanuvchilar bilan ishlash Strategiyaning yana bir muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarni ochiq, tushunarli va foydalanish uchun qulay shaklda taqdim etish, ma’lumotlar savodxonligini oshirish, foydalanuvchilar bilan muloqotni kuchaytirish hamda statistik mahsulotlarni ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, kadrlar salohiyatini oshirish, statistika xodimlarining ma’lumotlarni tahlil qilish, zamonaviy raqamli texnologiyalar va statistik usullar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xalqaro o‘quv dasturlari, trening va seminarlarda statistika tizimi xodimlarining ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan.
Strategiyani amalga oshirish uch bosqichda tashkil etiladi. 2026-yilda institutsional-huquqiy asoslarni yaratish va statistika tizimini modernizatsiya qilish uchun zarur mexanizmlarni shakllantirish, 2027–2028-yillarda zamonaviy statistik usullar va texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, 2029–2030-yillarda esa joriy etilgan yechimlarni mustahkamlash va tizimni barqaror rivojlantirish nazarda tutilgan.
Strategiyaning muhim maqsadli natijalaridan biri — 2030-yilga qadar O‘zbekistonni Jahon bankining Statistika samaradorligi indeksi bo‘yicha eng yuqori natijaga ega 50 ta davlat qatoriga kiritish hisoblanadi.
“Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasining amalga oshirilishi milliy statistika tizimining institutsional va texnologik salohiyatini mustahkamlash, statistik ma’lumotlarning sifati va ochiqligini oshirish hamda davlat boshqaruvi, biznes, ilm-fan va jamoatchilikni yanada ishonchli va zamonaviy statistik axborot bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
Oybek Pardayev(surat),
O‘zA