Jenevada Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli tadbir doirasida O‘zbekiton Senati Raisi Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashdi.
Parlamentlararo ittifoq va O‘zbekiston hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, kelgusidagi rejalar hamda parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Toshkent deklaratsiyasining ijrosi, uning doirasida belgilangan vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv chog‘ida 2026 yil sentyabr oyida Samarqand shahrida Yoshlar parlamenti a’zolarining 12-global konferensiyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi namunaviy bitim imzolandi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, u yosh parlamentariylar o‘rtasida global muloqot va hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Martin Chungong mazkur kelishuvni O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi ishonchli va samarali hamkorlikning mantiqiy davomi sifatida e’tirof etdi.
N.Abduraimova, O‘zA