Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini boshladi
Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» (Silk Road Samarkand) xalqaro turizm markazida joylashgan Kongress markazida Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjuman Oliy Majlis Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Unda 60 ga yaqin davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, 50 ga yaqin kuzatuvchi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etayotir.
Tadbirda ishtirok etish uchun yurtimizga Parlamentlararo ittifoq vakillari, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Kanada, Turkiya, Germaniya, Irlandiya, Jazoir, Zimbabve, Kot d’Ivuar, Ozarbayjon, Pokiston, Seyshel orollari, Urugvay, Uganda, Namibiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Eron, Bahrayn, Nigeriya, Mavritaniya, Janubiy Afrika, Kambodja hamda mintaqamiz mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari tashrif buyurgan.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning global konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
Tabrikda O‘zbekiston BMTning «Yoshlar - 2030» strategiyasini jadal amalga oshirayotgan dunyoning o‘nta yetakchi davlati qatoridan o‘rin olayotgani qayd etildi. Mamlakatimiz global yoshlar taraqqiyoti indeksida eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilgan.
“Ishonchim komilki, anjuman doirasidagi muloqot va munozaralar ochiq, konstruktiv va amaliy ruhda kechadi. Ularda ilgari suriladigan tashabbuslar, qabul qilinadigan samarali hujjatlar va yangi hamkorlik mexanizmlari yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, parlamentlararo hamkorlik institutlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, deb alohida ta’kidlagan Prezident.
Tadbir davom etmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA