Yoshlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi
Joriy yilning 31-oktabr – 13-noyabr kunlari Senegal poytaxti Dakar shahrida yoshlar o‘rtasida IV yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov raisligida o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishda mazkur kompleks sport o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi.
Sport federatsiyalari va assotsiatsiyalarining mas’ullari ishtirok etgan onlayn yig‘ilishda bo‘lajak musobaqaga tayyorgarlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda tashkiliy qo‘mita tomonidan musobaqa ishtirokchilarining vaksinatsiyadan o‘tishi talabi belgilangani qayd etilib, mas’ullarga yosh sportchilarning ota-onalarini ushbu talabdan xabardor qilish hamda ularning roziligi olingan taqdirda tegishli ishlarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, sportchilarning musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, tashkiliy masalalarni o‘z vaqtida hal etish yuzasidan fikrlar bildirildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA