Toshkent-2029 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) delegatsiyasi a’zolari bilan 2029-yili mamlakatimizda o‘tkazilishi belgilangan IV Osiyo yoshlar o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov OOK delegatsiyasi a’zolarini Toshkent-2029 yoshlar Osiyo o‘yinlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan rejalar loyihasi bilan tanishtirdi.
Uchrashuv davomida musobaqalarni tashkil etish, sport inshootlarini tayyorlash, ishtirokchilar uchun zarur sharoitlarni yaratish hamda o‘yinlarni zamonaviy talablar asosida o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) delegatsiyasi a’zolarining yurtimizga tashrif dasturidan poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” va unga tutash hududlar, shaharchada joylashgan sport ob’ektlari faoliyati bilan hamda poytaxtimizdagi mavjud sport majmualari bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA