Yoshlar kasb tanlashda qiynalmayaptimi?
Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “MY FAIR” MCHJ hamda qator hamkor tashkilotlar ishtirokida “Ta’lim va kasb” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi
Ko‘rgazmada 60 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasasi vakillari, viloyat ta’lim sohasi mas’ullari va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Jumladan, Rossiya, AQSH, Turkiya, Polsha va Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli universitetlari xodimlari o‘quvchi-yoshlar hamda abituriyentlarga ta’lim dasturlari, qabul shartlari va xalqaro grant imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari H.To‘xtayev hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi R.Yo‘ldoshev xorijiy ta’lim muassasalari vakillari bilan muloqot qildi. Suhbat davomida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim sifati, ta’lim garantlari va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ko‘rgazma davomida yoshlar xorijiy ta’lim dargohlari imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish hamda universitetlar vakillari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ularga kasb tanlash yuzasidan maslahat va tavsiyalar berildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari