O‘zbekistonlik yoshlar o‘qish uchun ko‘proq qaysi xorijiy yurtlarni tanlashyapti?
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda xorijga borib o‘qish sur’ati bir qadar pasaygan.
Milliy statistika qo‘mitasi bergan xabarga ko‘ra, joriy 2026-yilning yanvar-sentabr oylari davomida 16 522 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘qish maqsadida xorijga safar qilgan.
Agar, taqqoslab ko‘radigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 8,1 ming nafarga yoki 33 foizga kamaygan.
Savol tug‘iladi, o‘zbekistonliklar o‘qish uchun ko‘proq qaysi xorijiy yurtlarni tanlayapti?
Joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida o‘zbekistonliklar eng ko‘p o‘qish uchun borgan yurt, bu Rossiya Federatsiyasi bo‘lib turibdi.
2025-yilda bu borada qo‘shni Tojikiston peshqadam edi.
Agar statistik ma’lumotlarga qaraydigan bo‘lsak, joriy yil O‘zbekiston fuqarolari o‘qish maqsadida eng ko‘p safar qilgan davlatlar ro‘yxati quyidagicha ko‘rinish oladi:
Rossiya – 3 847 nafar;
Qirg‘iz Respublikasi – 2 809 nafar;
Koreya Respublikasi – 2 118 nafar;
Turkiya – 1 818 nafar;
Xitoy – 1 248 nafar;
Qozog‘iston – 1 112 nafar;
Tojikiston – 904 nafar;
Buyuk Britaniya – 784 nafar;
Germaniya – 374 nafar;
AQSH – 231 nafar;
Boshqa davlatlar – 1 277 nafar.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida o‘zbekistonliklar o‘qish maqsadida eng ko‘p Tojikistonga safar qilgan. O‘shanda Tojikiston Respublikasiga o‘qishga borgan talabalar soni 5 534 nafarni tashkil etgan.
A.Narzulloyev, O‘zA