Yoshlar bilan uchrashuvda volontyorlar safi kengaydi
Farg‘ona viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida viloyatning 19 ta shahar va tumanlaridan yangi volontyorlar safiga qo‘shilgan uyushmagan yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularni qutqaruvchilik kasbiga qiziqtirish hamda volontyorlik harakatini yanada rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bugungi kunga qadar boshqarma tizimidagi volontyorlar safi tobora kengayib bormoqda. Hozirgacha 800 dan ortiq volontyorlar maxsus platforma orqali ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, Prezidentning farmon va qarorlari ijrosi yuzasidan 2026-yil boshidan buyon yana 190 nafar yangi volontyor yoshlar kelib qo‘shildi. Ular favqulodda vaziyatlarda qutqaruvchilarning eng yaqin ko‘makchisi bo‘lib xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning qiziqishlari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Shuningdek, yoshlarni qutqaruvchilik kasbiga yo‘naltirish maqsadida Favqulodda vaziyatlar akademiyasi hamda Shahrisabz shahrida joylashgan Temurbeklar maktabi haqida ma’lumot berildi.

Tadbir davomida boshqarma tizimidagi mavjud kuch va vositalar ishtirokida maxsus texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.


Bugungi uchrashuv yoshlarning qalbida qutqaruvchilik kasbiga bo‘lgan qiziqish, Vatanga xizmat qilish tuyg‘usi, jasorat va fidoyilik kabi fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA