Yoshlar bilan uchrashuv
Navoiy shahridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida viloyat prokurori Abduqahhor Mullajonov hamda viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev ishtirokida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan mehnat yarmarkasi tashkil qilinib, 80 dan ortiq korxona va tashkilot o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.
Unda 20 nafar yoshning bandligi ta’minlanib, 6 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 15 nafar yoshga esa imtiyozli kredit ajratish uchun tavsiyalar berildi.
[gallery-29824]
– Ushbu mehnat yarmarkasi tashkil etilganligidan judayam mamnunman, – deydi karmanalik Saida Oblaqulova. – Bu biz kabi yoshlarga bir imkoniyat desam bo‘ladi. Avvalroq Navoiy innovatsiyalar universitetida ma’naviyat bo‘limida ishlaganman. Hozirda ishsizman. O‘z mutaxassisligim bo‘yicha faoliyatimni davom ettirish uchun ushbu yarmarkaga kelgandim. Navoiy xalqaro aeroportida bo‘sh ish o‘rni bor ekan. Hujjatlarimni topshirdim. Ish o‘rni talablariga to‘g‘ri kelganligim sababli ishga qabul qilindim. U yerda ishlash orzuyim edi va bu amalga oshdi.
Yarmarka so‘nggida yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, ularni qiynab kelayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbirda 100 nafardan ortiq yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda yoshlar tomonidan bandlik, ta’lim, tadbirkorlikni rivojlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha 20 tadan ortiq murojaat va takliflar bildirilib, ularni ijobiy hal qilish yuzasidan mutasaddi idoralarga tegishli topshiriqlar berildi va ijrosi nazoratga olindi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari