Faxriylar va yoshlarni ilm birlashtirdi
Andijonda ichki ishlar organlari “Uch avlod” maslahat kengashining VI respublika konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylarni e’zozlash, ularning boy hayotiy va kasbiy tajribasini yosh avlodga yetkazishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Vazirlik mas’ullari, Faxriylar kengashi vakillari, hududiy ichki ishlar organlarida faoliyat olib borgan faxriylar hamda yosh xodimlar ishtirok etgan ichki ishlar organlari “Uch avlod” maslahat kengashining VI respublika konferensiyasi ham ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi.


Jumladan, Andijon davlat pedagogika institutida “Faxriylar va yoshlarni ilm birlashtiradi” g‘oyasi asosida “Zakovat” intellektual tanlovi o‘tkazildi. Qizg‘in bahs, munozara va savol-javoblar asosida o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon viloyati jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Navoiy viloyati jamoasi 2-o‘ringa, Sirdaryo viloyati jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, “Eng faol faxriy xodim” tanlovi tashkil etilib, ishtirokchilarning bilim va tajribasi, jamoat ishlaridagi faolligi hamda yosh xodimlarga o‘rnak bo‘layotgan jihatlari baholandi.
Dastur doirasida faxriylar Andijonning tarixiy qadamjolari va muzeylariga tashrif buyurib, madaniy-ma’rifiy sayohatlarda bo‘ldi. Andijon viloyatida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, o‘zgarishlar jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Faxriylar kengashlari raislari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj faxriylar holidan xabar olinib, ular bilan muloqotlar o‘tkazildi.


O‘tkazilgan tadbir va uchrashuvlar faxriylar tajribasi, bugungi kunda ish olib borayotgan xodimlar salohiyati va yoshlarning shijoatini bir maqsad atrofida birlashtirib, avlodlar o‘rtasidagi hamjihatlik va tajriba almashinuvini yanada mustahkamlashga xizmat qildi, faxriylar hayoti yosh avlod uchun ibrat maktabi ekanligini amalda yana bir bor ko‘rsatdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri