Bugun poytaxtimizda "Eng yaxshi innovatsion g‘oya", "Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi" hamda "Eng yaxshi texnologiyalar transferi" nominatsiyalari bo‘yicha tanlovning final bosqichi o‘tkazildi.
"O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2025" ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbirda "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan xodimlar orasida ijodiy tashabbus va ishbilarmonlikni rag‘batlantirish, innovatsion startap loyihalar hamda ratsionalizatorlik takliflarni rivojlantirishga qaratilgani ta’kidlandi.
Hakamlar hay’atiga ko‘ra, tanlovga jami 20 ta loyiha taqdim etilgan. Ular "O‘ZLITINEFTGAZ" AJ elektron manzili orqali 2025 yil 1 aprelga qadar qabul qilingan. Taqdim etilgan loyihalar tanlov hay’ati tomonidan maxsus baholash mezonlari asosida ko‘rib chiqilgan.

Mazkur soha ko‘rgazmasi doirasida o‘tkazilgan final bosqichida saralangan nomzodlar o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Shundan so‘ng hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan eng yaxshi loyihalar e’lon qilinib, g‘oliblar aniqlandi.
– Innovatsiya – bu faqat yangi texnologiyalar emas, balki har bir loyihaning ijtimoiy va iqtisodiy ta’siriga ham nazar tashlashdir. Biz nafaqat yangi mahsulotlar yaratish, balki ushbu mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarishda joriy qilishga ham harakat qilamiz, – dedi "Eng yaxshi innovatsion g‘oya" nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi Fazliddin Mirsoatov.
"Eng yaxshi ratsionalizatorlik taklifi" nominatsiyasining g‘olibi Humoyun Xudoyorovning fikricha, ratsionalizatsiya jarayonlarni optimallashtirish, resurslarni tejash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun zarur.
– Bu bizning iqtisodiyotimizda muhim o‘rin tutadi. Menimcha, ishlab chiqarishda har bir o‘zgarish keyinchalik keng miqyosda samara berishi mumkin, – dedi u.
Tadbirda ta’kidlanganidek, tanlovda g‘olib bo‘lgan loyihalarni O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish va tatbiq etishda yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, grant dasturlariga arizalar tayyorlashda yordamlashiladi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan tanlov g‘oliblari taqdirlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA